Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnatlarim e’tirof etilganidan xursandman
14:19 / 2023-08-30

Mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yilligi arafasida ishlab chiqarish sohasining bir guruh xodimlari qatori men ham “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Quvonchli xushxabar nafaqat menga, balki hamkasblarim, yaqinlarimga ham shodlik bag‘ishladi.

Kon-metallurgiya sohasida ishlayotganimga ham qariyb 35 yil bo‘ldi. Vaqt – yugurik, umr – oqar daryo, deb shunga aytsalar kerakda. Shu kasbni tanlaganimdan, rizq-nasibam Qizilqum kengliklariga sochilganidan afsuslanmayman. Faoliyatim davomida ko‘p joylarda, turli lavozimlarda ishladim. Ko‘plab qadrdon ustozlar orttirdim, shogirdlar tarbiyaladim, hurmat-e’tibor topdim. Toshkent politexnika instituti(hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)da foydali qazilma konlarini yopiq usulda qazib olish texnologiyasi va kompleks mexanizatsiyalash yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldim. “Pir mirob”, “Oltinkon”, “Chodak”, “Chotqol” konlari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishladim. Bu dargohlar men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi.  

2008 yildan Navoiy kon-metallurgiya kombinatida faoliyat yuritib kelaman. Ulkan korxonaning Janubiy kon boshqarmasida bosh muhandis, direktor, “Tash qo‘ra” kareri bosh muhandisi vazifalarida, 2018 yildan buyon “Auminzo-Amantoy” koni boshlig‘i lavozimida ishlagan davrlar hayotimning eng quvonchli damlari bo‘ldi. Ayniqsa, keyingi yillarda amalga oshirilgan yirik investitsiya loyihalarida bevosita ishtirok etganim, faoliyatimning sermazmun davri sifatida umrim solnomasidan joy oldi. Qayerda ishlamay, yashamay, taqdir meni hamma yerda faqat yaxshi insonlarga, ustozlarga, soha fidoiylariga duch qildi. Kasbimga bo‘lgan mehrim tufayli oddiy mutaxassislikdan rahbarlik darajasigacha erishdim. Qanchadan-qancha insonlar, ming-minglab kishilar bilan yelkama-yelka mehnat qilish baxtiga muyassar bo‘ldim. Ustozlar ilmidan bahramand bo‘lish bilan birga, ustozlik ham qildim. Uzoq yillik mehnatlarim qadr va e’tirof topganidan boshim osmonga yetdi. Inson uchun aslida bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Har tong qadrdon korxona tomon oshiqaman.  

Mashaqqatli, ammo, sharafli mehnatdan so‘ng esa yana qadrdon go‘sha, oila davrasiga qaytib, xonadon quvonchi, nabiralar shodligidan barcha charchoqlarim chiqib ketadi. Ishdagi ko‘tarinki muhit, mamnunlik, uydagi shodlik, baxtiyor kunlar shukuhi hayotimga mazmun bag‘ishlaydi. Bu kunlarga yetkazganiga shukur qilib, ilohim, har bir yurtdoshimizni shunday baxtga yetkazsin, deyman!  

Avazxon E’ZOZXONOV,  

“Auminzo-Amantoy”koni boshlig‘i  

Suratlar muallifi S.Aslonov, O‘zA