Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnatkashlar manfaatlari himoyada
16:56 / 2025-11-11

Qashqadaryo viloyatida mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat munosabatlarida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ish joylarida xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda kasaba uyushmalari tizimi muhim o‘rin tutmoqda.

Hozirda viloyatdagi kasaba uyushmalari tarkibiga 4 ta tarmoq kengashi, 51 ta shahar va tuman kengashlari hamda 3 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar kiradi. Ularda jami 616 ming 951 nafar a’zo birlashgan. Bugungi kunda kasaba uyushmalari mehnatkashlar manfaatlarini ishonchli himoya qiluvchi jamoat tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Joriy yilning birinchi yarmida 2 ming 354 ta nodavlat korxona va tashkilot kasaba uyushmalari tizimiga qo‘shildi, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi Baxtiyor Jo‘rayev. – Bu orqali 94 ming 422 nafar xodimning mehnat huquqlari jamoaviy himoya tizimiga qamrab olindi. Bu raqamlar sohadagi islohotlar samarasi, mehnatkashlar ishonchining ortganidan darak beradi. Mehnatkashlar huquqlarini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan choralar natijasida viloyat miqyosida 5 milliard so‘mdan ortiq qarz ish haqlari undirib berildi. Shuningdek, jamoa shartnomasi asosida bir xodimga to‘g‘ri keladigan ijtimoiy sarf mablag‘ hajmi 7,5 million so‘mga yetdi.

Kasaba uyushmalari mehnat munosabatlaridagi bahsli masalalarni hal etishda ham faol ishtirok etmoqda. Viloyat Kengashiga fuqarolardan kelib tushgan 176 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 79 tasi ijobiy hal etildi. 28 nafar xodim ishga tiklandi, qariyb 3 milliard so‘m miqdorida ish haqi va boshqa to‘lovlar undirib berildi.

Bundan tashqari, 348 ta korxona va tashkilotda mehnat qonunlariga rioya etilishi holati o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy yordam ko‘rsatildi.

– Mehnat muhofazasi sohasida jamoatchilik nazorati tizimli yo‘lga qo‘yilgan, – deydi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Isoq Axmedov. – Joriy yilda 558 ta ish o‘rni attestatsiyadan o‘tkazildi, 26 ta tashkilotda mehnat xavfsizligi bo‘yicha profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlangan xodimlar va ularning oilalariga qariyb 39 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Shu bilan birga, ish beruvchilar bilan hamkorlikda mehnat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘quvlar va seminarlar o‘tkazildi. Mehnatkashlar sog‘ligini mustahkamlash va ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hisobot davrida 900 nafar xodim va ularning oila a’zolari sanatoriy-kurort muassasalarida imtiyozli sog‘lomlashtirildi. Bu maqsad uchun 4,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Mas’ullarning ta’kidlashicha, viloyat bo‘ylab 400 ming nafardan ortiq a’zo ishtirokida turli sport musobaqalari, madaniy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. “Mehnatkashlar salomatligi va faol hayoti” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirlar kasaba uyushmalari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Kelgusida viloyat kasaba uyushmalari mehnatga haq to‘lashning adolatli tizimini joriy etish, ish joylarida xavfsizlikni ta’minlash, ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash va kasaba uyushmalari a’zolarining huquqiy madaniyatini oshirishni asosiy vazifa sifatida belgilagan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda kasaba uyushmalari nafaqat mehnatkashlarning huquqiy himoyachisi, balki jamiyatda barqarorlik va ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlovchi muhim kuchga aylanib bormoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri