Kun yarmidan o‘tgan. Tashqarida sovuq zabtiga olgan. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Ibn Sino 1-mavzesida issiq suv quvurida avariya sodir bo‘ldi. Natijada ushbu mavzening ko‘pgina aholi qismi issiq suv ta’minotidan uzilib qoldi. Yaxshiyamki soha xodimlari bir necha soat ichida avariyani bartaraf etishga erishdilar. Ta’minot qayta tiklandi.
“Veolia Energy Tashkent” MCHJ issiqlik ta’minoti korxonasi ustasi Dinmuhammad Dehqonov o‘z kasbini yaxshi ko‘rishini, amalga oshirayotgan ishlari orqali aholi xonadonlari uzluksiz issiqlik bilan ta’minlanishiga hissa qo‘shayotganidan mamnun ekanligini bildirdi:
- Ushbu sohada 20 yildan beri mehnat qilib kelayapman, - deydi u. – Ishimiz ob-havo tanlamaydi, yozning jaziramasida ham, qish chillasida ham xalq xizmatidamiz. Bugun ham noqulay ob-havo bo‘lishiga qaramay o‘z ish joyimizdamiz. Sababi yuz bergan avariya kutib turmaydi, zudlik bilan uni bartaraf etish kerak. O‘z ishimiz orqali odamlarga nafimiz tegayotganidan hursandmiz.
Navbatdagi qahramonlarimiz – Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasining Shahar markaziy ko‘chalaridan foydalanish, ularni saqlash va ta’mirlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi ishchilarini ham mehnat jarayonida uchratdik. Mazkur korxonaning yo‘l ishchilari bo‘lgan Naima Ishondadayeva hamda Zuhra Xamzayevaning mehnatlari qadr topib, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan sihatgohda dam olishlari uchun bepul yo‘llanmalar topshirildi.
- Bunday e’tibordan juda quvonib ketdik, - deydi yo‘l ishchisi bo‘lgan Zuhra Hamzayeva. – Shahrimiz ko‘chalarining obodligi, chiroyli va ozoda, saranjom-sarishta bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shib kelayotganimizdan mamnunmiz. Jamoamizda 17 nafar ayol mehnat qiladi. Ulardan 7 nafariga, shu jumladan menga ham sanatoriyda dam olib, davolanish uchun bepul yo‘llanma berildi. Mehnatimizning bu kabi qadrlanishi bizni juda ruhlantirib, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shdi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan soha xodimlari haqida qancha yozsak, gapirsak oz. Ular kunni tunga ulab, xonadonlarimiz, tashkilot va muassasalarning issiq bo‘lishi, ko‘chalar va yo‘llarning go‘zal va saranjom bo‘lishi uchun doimo xizmatdalar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/41TeNiSwy3Y" title="“Mehnatimizning qadrlanishi bizni juda ruhlantirdi”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Mehnatingizdan rozi bo‘ling, bugunning qahramonlari!
O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA