French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnatim qadr topdi
09:54 / 2024-04-03

Jannatmakon diyorimizda inson qadri azizdir. Yurtboshimizning rahnomaligida ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan dillari doim quvonchda. Men bunga o‘z hayotimda ko‘p bor guvoh bo‘ldim.

Mana 26-yildirki, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyida mehnat qilib kelaman. Bu maskanda turfa taqdir egalarini uchratish mumkin. Ularning ayrimlari bemorlar, nogironligi bo‘lgan ayollar, ayrimlari esa jismonan sog‘lom bo‘lsa ham, hayotning sinovlari tufayli ko‘nglining bir cheti qorong‘u. Har birining o‘z taqdiri, o‘z qismati bor. Shu tufayli ham ularning ko‘ngliga yo‘l topish oson emas.  

Ularning ham quvonchiga, ham tashvishiga doim sherikman. Balki shu tufayli jamoada o‘z o‘rnim bor. Mashaqqatli mehnatlarim bu yil hukumatimiz tomonidan ham munosib e’tirof etildi. Prezident farmoniga binoan “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lganligim haqidagi xabarni ko‘zlarimda sevinch yoshi bilan qarshi oldim. Xalqaro xotin-qizlar bayrami esa men uchun qo‘shaloq shodiyonaga aylandi.  

Tantanali marosimda biz ayollarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Muhtaram Prezidentimiz bilan yuzma-yuz bo‘lganim va u kishining dil qutlovlari barcha bayram ishtirokchilari qatori meni ham hayajonga soldi. O‘sha kunlar hayotimdagi eng baxtiyor kunlarimdan biri bo‘lib qoladi.  

Shu o‘rinda “Muruvvat” uyida ijtimoiy himoya yanada takomillashib borayotganini ta’kidlab o‘tmoqchiman.  

Prezidentimizning “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Bu markazning ishga tushishi bizning faoliyatimizni yanada jonlantirdi.  

Yana bir muhim jihati, farmon asosida har haftaning juma kuni “Mehr va saxovat” kuni sifatida belgilandi. Agentlik xodimlari bizning holimizdan xabar olish bilan birga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz insonlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar bilan doimiy aloqada. Ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda, dori-darmonlar yetkazib berilmoqda.

Men ana shunday muqaddas dargohda mehnat qilayotganligimdan g‘oyatda baxtiyorman. “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyini o‘zim uchun baxt uyiga qiyoslagim keladi, chunki men har kuni o‘ksik ko‘ngillarga quvonch, shodlik baxshida etib kelmoqdaman.  

Malohat Xudoynazarova,

“Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyi xodimi.

O‘zA