Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnatga munosib rag‘bat
11:50 / 2025-07-09

Kasbini yurakdan sevgan insonning har bir qadami – vatan ravnaqiga qo‘shilgan tuhfadir. Bunday insonlar faqat mehnati bilan emas, balki o‘zining bilimi, sadoqati va fidoiyligi bilan jamiyatga xizmat qiladi. “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining 918-Ammiak ishlab chiqarish sexida katta smena ustasi lavozimida faoliyat olib borayotgan, texnik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Abror Aslonov haqida ham shunday deyish mumkin.

Abror 8 yildan buyon respublika kimyo sanoatida yetakchi sanalgan “Navoiyazot” AJning eng muhim tarmoqlaridan biri – Ammiak ishlab chiqarish sexida ishlayotgan bo‘lsa, 2024 yildan katta smena ustasi sifatida faoliyat yuritmoqda.

U faoliyat yuritadigan 918-sex zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, yuqori bosim va haroratda ishlaydigan majmua bo‘lib, yiliga yuz minglab tonna mahsulot ishlab chiqaradi. Suyuq ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmi 2024 yilda mos ravishda 671 ming 739 tonna va 579 ming 919 tonnaga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyatga ham ega.

Bugun “Navoiyazot”AJ 70 dan ortiq turdagi mahsulotlarini dunyo bozoriga chiqarib, so‘nggi uch yilda 15 dan ziyod davlatga 328 million dollarlik eksportni amalga oshirdi. Bu jarayonlarda Abror Aslonov va uning jamoasining hissasi beqiyos. U faoliyat olib borayotgan sexda “Mitsubishi Heavy Industries” kompaniyasi talablari asosida ishlab chiqarish muntazam ta’minlab kelinmoqda.

Bu insonning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u sanoatdagi tajribasini nazariya bilan uyg‘unlashtira olgan mutaxassisdir. U “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Zinalbulak talk-magnezit minerali asosida kompleks ta’sir etuvchi magniy xlorat defolianti olish texnologiyasi” mavzusida ilmiy izlanish olib borgan va muvaffaqiyatli himoya qilgan. Uning ushbu tadqiqoti qishloq xo‘jaligi va sanoat uchun amalda foyda keltira oladigan ilmiy yangilik hisoblanadi.

Bu degani, u faqat ishchi emas – muhandis, olim, tadqiqotchi va ayni paytda o‘z shogirdlariga bilim ulashuvchi ustozdir. Uning 14 ta ilmiy maqolasi, ulardan 6 tasi xalqaro va respublika jurnallarida e’lon qilingani, bu insonning ilmiy salohiyatidan dalolat beradi.

Abror Aslonov ibratli oila boshlig‘i, halol va kamtarin inson. Uning mehnatga bo‘lgan sadoqati, shogirdlarga bo‘lgan e’tibori uni nafaqat yaxshi mutaxassis, balki ustoz sifatida ham namoyon etmoqda. 

Uning hayot yo‘li bir qarashda oddiy – ish, ilm, tartib, mas’uliyat. Lekin aynan mana shu “oddiy” ko‘ringan faoliyat ortida tinimsiz mehnat, izlanish va Vatanga muhabbat mujassam.

Abrorning samarali faoliyati, yuqori kasbiy malakasi va yuksak insoniy fazilatlari yuksak davlat mukofotiga munosib nomzodga aylantirdi. Joriy yil 30 iyun – Yoshlar kuni arafasida Prezident farmoniga ko‘ra, u “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri