Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan uch turdagi, ya’ni kasallik munosabati bilan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish, ishni yoki daromadni yo‘qotish bo‘yicha sug‘urta to‘lovlari to‘lanadi.
Bu Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunda aks ettirilgan.

Ma’lumki, ushbu qonun dastlab senatorlar tomonidan bildirilgan qator e’tirozlar asosida rad qilingan edi. Ushbu qonun Oliy Majlis palatalarida kelishuv komissiyasi tuzilgan holda qayta ishlandi.
Muhokama chog‘ida senatorlar qonun bilan belgilanayotgan normalar xodimlar manfaatini ishonchli himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

Qonunga ko‘ra, sug‘urta hodisalari yuzaga kelgan taqdirda, jamg‘arma tomonidan sug‘urtalangan shaxslarga va (yoki) ularning oila a’zolariga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab beriladi.
Jamg‘arma tomonidan davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari ijtimoiy soliqning bir qismi, sug‘urta badallari, respublika byudjeti mablag‘lari, jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.

Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi kimlarga nisbatan majburiy, kimlarga nisbatan ixtiyoriy asosda amalga oshirilishi belgilandi.
Bunda, sug‘urta badali majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun bilan belgilangan miqdorlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan, ixtiyoriy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun minimal miqdori qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadigan to‘lov hisobidan shakllantiriladi. .
Qonunda belgilangan sug‘urta badali, sug‘urtalangan shaxslar, sug‘urtalovchi, sug‘urta qildiruvchilarning huquq va majburiyatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi moliyaviy barqarorligining davlat kafolatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash, to‘xtatib turish va tugatish kabi qator masalalarga ham e’tibor qaratildi.
Senatorlar ma’qullagan qonun xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashga, ish beruvchilarga yuklatilgan ijtimoiy to‘lovlar yukining yechilishiga xizmat qiladi. Qonun ishga qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarga nisbatan kamsitish holatlarining oldini olishiga ham qaratilgan.
N.Abduraimova,
A.Mamadaminov (surat), O‘zA