Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnatdan shuhrat topib
13:27 / 2020-11-26

"Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi." O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasi

Ijodiy faoliyat sabr, fidoyilik, muttasil izlanish, sermashaqqat mehnatni talab etadi. Atoqli kompozitor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, ASCAP (Amerika kompozitorlari, mualliflari va noshirlari assotsiatsiyasi) a’zosi, dirijyor, pedagog Mustafo Bafoyev buni yaxshi anglaydi.

Serqirra ijodkor yurtimiz musiqa maydoniga 1970 yillarning oxirida yorqin, zamonaviy ohang va an’anaviy uslubiy oqimlari ta’siridagi, jozibali musiqiy asarlari bilan kirib keldi.

O‘zbek ziyolilarining yorqin namunasi bo‘lgan ustoz kompozitor Mustafo Bafoyev 1946 yil 10 noyabrda Buxoro viloyati Kogon tumani Ganchkash qishlog‘ida tug‘ildi. 

Maktabni bitirgach, Buxoro musiqa bilim yurtida, so‘ngra Toshkent davlat konservatoriyasida g‘ijjak ixtisosligi bo‘yicha o‘qidi. O‘qishdan so‘ng yosh mutaxassis o‘sha paytdagi Buxoro davlat pedagogika institutiga yo‘llanma oladi. 

Bastakorlik sirlarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq Mustafoni yana konservatoriya sari yetaklaydi. Professorlar B.Giyenko sinfida kompozitsiyadan, A.Kozlovskiyda cholg‘ulashtirishdan qunt bilan o‘qigan Mustafo Bafoyev assistent-stajyorlik kurslarida kasb malakasini oshirdi. Ayni paytda Toshkent davlat madaniyat instituti o‘zbek xalq cholg‘ulari kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ham ishladi. Uning dirijyor sifatidagi mahorati yanada charxlandi. Ustoz kompozitor 2003 yildan O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bastakorlik va cholg‘ulashtirish kafedrasida mehnat qilmoqda. 

Kompozitor M.Bafoyev musiqaning turli shakl va janrlarida jozibali, ohangdor musiqiy asarlar yaratib kelmoqda. Talabalik davrida «Shiroq afsonasi» simfonik poemasi, «Bayram uvertyurasi», truba uchun konsert-rapsodiyasi, shuningdek, pesa, sonatina, sonata, poema, skersolarni yaratdi. Navoiy ruboiylariga ovoz va fortepiano uchun yozgan «Besh ruboiy» turkumi Rossiyada o‘tkazilgan yosh kompozitorlar ijodiga bag‘ishlangan festivalda ijro etildi.

M.Bafoyevning tantanavor ruhdagi asarlari respublikamizda va xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan festival va simpoziumlar konsert dasturlarida, san’at bayramlarida muntazam yangraydi. Mirzo Ulug‘bek tavalludining 650 yilligiga bag‘ishlangan konsertda «Ulug‘bek burji» telebaleti, Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturida «Kuy va qo‘shiqlar turkumi», Fransiyada O‘zbekiston kunlariga bag‘ishlangan tantanali tadbirda “Buyuk ipak yo‘li” musiqiy- spektakli shular jumlasidan. 

Musiqa fidoyisi Muqimiy nomidagi respublika musiqali teatri uchun «Sevgi nidosi» (F.Jo‘rayev librettosi), “Pari qishloq afsonasi”, “To‘maris” (X.Xursandov asari) musiqali drama va komediyalari, “Faridun” (Firdavsiy asari), O‘zbek davlat drama teatri uchun «Buyuk ipak yo‘li» (A.Sharipova librettosi) spektakllariga musiqa bastaladi. 

Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri uchun «Umar Xayyom» (O.Uzoqov librettosi), “Sevgim samosi” (Ahmad al-Farg‘oniy) (J.Jabborov librettosi), A.Navoiy asari asosida “Xamsa” (S.Olimov librettosi), S.Ayniy nomidagi Tojikiston akademik opera va balet teatri uchun “Shayxurrais Abu Ali ibn Sino” (K.Olimov librettosi), “Borbad” (N.Qosim librettosi) operalarini, «Buxoroi Sharif» (X.Davron librettosi) teleopera-dostonini, «Nodira», «Ulug‘bek burji», «Moziydan nur» (Yu.Ismatova librettolari) telebaletlarini yaratdi. “Yorqinoy” spektakliga (Cho‘lpon asari, 1993), “Kuntug‘mish”, “Alpomish”, “O‘tkan kunlar”, “Cho‘lpon” radiospektakllariga musiqa bastaladi. Kompozitor kinomusiqa janriga murojaat etib, ko‘plab kinokartinalar uchun jozibali musiqa asarlarini yaratdi.

Kompozitor simfonik va vokal-simfonik janrlarida samarali ijod qilib, orkestr va xor jamoalarini asarlari bilan boyitishga munosib hissa qo‘shmoqda.

San’at fidoyisi musiqaning turli yo‘nalishlarida 200 dan ortiq asarlar, qo‘shiq va romanslar bastalagan. Bir qator qo‘shiqlari “O‘zbekiston Vatanim manim” ko‘rik-tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan. Kompozitorning asarlari respublika miqyosida o‘tkaziladigan davlat tadbirlarida, festivallarda muntazam ijro etib kelinmoqda. 

M.Bafoyevning asarlari AQSH, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Turkiya, MDH davlatlaridagi festival va konsertlar, musiqiy anjumanlarda muvaffaqiyatli ijro etilgan.

Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, ustoz san’atkorning faoliyati alohida e’tirof etilib, "Mehnat shuhrati" ordeniga munosib ko‘rildi. Darhaqiqat, zahmatli, halol, fidokorona mehnat insonga shuhrat keltirishiga ustoz kompozitor Mustafo Bafoyev ijodi orqali yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin.

                                                                                                           Nazokat USMONOVA, O‘zA