Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnatdan kelsa boylik...
12:51 / 2025-02-04

Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Zarafshon mahallasida istiqomat qilayotgan Olim Jumayev dehqonchilik sohasida katta tajribaga ega. Hozirda tomorqada yetishtirilayotgan mahsulotlar oila daromadiga katta hissa qo‘shmoqda.

– Bundan yigirma yil oldin, ikki sotix yerda issiqxona tashkil qilib, pomidor va bodring yetishtirdim. Avvaliga qiziqish sababli boshlagan bo‘lsam, endilikda sohaga mehrim ortib, issiqxonachilik hayotim mazmuniga aylandi. Hozir to‘rtta issiqxonada turli xil mahsulotlar yetishtirilmoqda. Jumladan, gul ko‘chatlari yetishtirish nozik, mashaqqatli, shu bilan birga serdaromad. Gulchilik bilan shug‘ullanishni istaganlar sohaning o‘ziga xos, nozik jihatlarini puxta o‘zlashtirishi lozim. Yerni sevsang, albatta, u seni boqadi, deb shunchaki aytishmaganiga amin bo‘ldim, – deydi Olim Jumayev.  

Issiqxonalarning birida sitrus mevali daraxtlar bo‘y cho‘zgan bo‘lsa, birida gul urug‘lari parvarish qilinmoqda. Yana birida pomidor yetishtirilsa, birida bodring hosilga kirgan. Vodiy viloyatlaridan keltirilgan banan daraxt ko‘chati hosilini ko‘rgan kishida havas hissi uyg‘onishi tayin. Xonadonda limon yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, gul, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirish ortidan ham katta daromad olinmoqda.  

Ishni ko‘zini biladigan xonadon yaqinda mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyasi bilan imtiyozli kredit asosida olingan inkubatorda tovuq va bedana qushlarini ko‘paytirishni ham yo‘lga qo‘ydi. Hozirda 30 dan ortiq naslli parranda va 200 ga yaqin bedana qushlari parvarish qilinmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri