Har bir kasbning o‘ziga yarasha mashaqqati va katta mas’uliyati bor. Buni his qilgan insongina o‘z ishini sidqidildan va vijdonan bajara oladi. Hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida mehnat qilayotgan ayollarga keng imkoniyatlar yaratilib, ularning bilim va salohiyatiga katta ishonch bildirilmoqda.
Ayollar fermerlik, agrobiznes, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda boshqaruv sohalarida o‘z qobiliyatini namoyon etib, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida ham shunday namunali ayollar ko‘plab topiladi. Ulardan biri O‘rta Chirchiq tumanidagi “Dostonbek Azizbek agro” fermer xo‘jaligi rahbari Komila Jumanazarovadir.
U sohada samarali ish olib borayotgani uchun “Ilg‘or fermer”, “Mo‘’tabar ayol” va “Mahalla iftixori” kabi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Yaqinda Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Ular orasida Komila Jumanazarova ham “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Komila Jumanazarova yillar davomida amalga oshirgan ishlari, erishgan yutuqlari va Prezidentimiz bilan bo‘lgan muloqotdagi taassurotlari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Yaqinda davlatimiz rahbari Ko‘ksaroy qarorgohida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvi shaxsan men uchun unutilmas kun bo‘ldi, – deydi Komila opa. – Sohada erishilayotgan natijalar ortida dehqon va fermerlar, klasterlar vakillari mehnati alohida e’tirof qildi. Bundan juda xursand bo‘ldim. Prezidentimizning qo‘lidan yuksak mukofotni oldim va bu hayajonni so‘z bilan tariflab berolmayman. Bildirilgan yuksak ishonchi uchun katta rahmat.
Fermer xo‘jaligimiz faoliyat ko‘rsatganiga 26 yil bo‘ldi. Dastlab 20 gektar yerda ishni tashkil qilgan bo‘lsak, hozir ekin maydonimiz 163 gektarga yetdi. Shundan 90 gektariga kelgusi yil hosili uchun bug‘doy ekdik. 2026 yilda paxtaning Xitoy navidan ekib, yuqori hosil olishni reja qilyapmiz. Traktor boshqarishni o‘rgandim. Hozir 10 dan ziyod qishloq xo‘jaligi texnikamiz bor. Xo‘jaligimizda 46 nafar doimiy ishchi mehnat qiladi. Xo‘jaligimiz paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan bo‘lsa ham yil sayin chorvachilikni ham rivojlantiryapmiz.
Kelgusida mavjud imkoniyatlarimiz asosida o‘rdakchilikni ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Ularga zarur ozuqa o‘zimizda yetishtiriladi. Shu tufayli mahallamizga sut va go‘sht mahsulotlarini yetkazib beryapmiz. Paxtachilikda tuman bo‘yicha birinchilardan bo‘lib tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qildik. Mavsumda g‘alladan bo‘shagan yerda ikkinchi ekin uchun asosan dukkakli va sabzavot ekinlari parvarishlanadi. Hozirgacha erishgan yutuqlarimizning zamirida davlatimiz tomonidan bizga yaratilgan sharoit, imkoniyat va tinimsiz mehnatimiz samarasi yotadi.
Komola Jumanazarova o‘zi yashayotgan “Yuqoriovul” mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi va Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati bo‘lib ham ishlaydi. Hozir bu yerdagi 532 ta xonadonda 3 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Komila opa va mahalla yettiligining sa’y-harakatlari bilan ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Ichki ko‘chalar homiylik asosida asfalt qilinib, yo‘l bo‘ylarida mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
E’tiborlisi har sohada o‘z bilimi va tajribasi bilan o‘rnak bo‘layotgan Komola Jumanazarovani barcha birdek e’zozlaydi va uning ish tajribasini hayotga tatbiq qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-dANqKIXR5M" title="Mehnatdan baxt topgan ayol" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, (video), O‘zA muxbiri.