FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyatida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Arnasoy va Paxtakor tumanlarida yoshlar bandligini ta’minlash va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan qator loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, Arnasoy tumanida “Sherzod ilg‘or agro” fermer xo‘jaligi hududidan yoshlar uchun 6 gektar yer maydoni ajratilib, brokkoli karamini yetishtirish tashkil etildi. G‘alla o‘rimidan so‘ng bo‘shagan maydonga o‘tgan yil avgust oyida 450 ming dona brokkoli karami ko‘chatlari ekilgan edi.
Qisqa muddat ichida ekin to‘liq hosilga kirib, ayni paytda yig‘im-terim ishlari jadal davom etmoqda. Hozirga qadar ikki marta terim amalga oshirilib, jami 13 tonna sifatli mahsulot olishga erishildi. Bir gektar maydon uchun o‘rtacha 32 million so‘m xarajat qilingan bo‘lib, gektaridan 15 tonnagacha hosil olishga erishilayotir. Hosil yig‘imi hali davom etmoqda.
[gallery-27235]
– Ustoz-shogird an’anasini davom ettirgan holda yoshlar bilan yelkama-yelka turib mehnat qildik, - deydi “Sherzod ilg‘or agro” fermer xo‘jaligi rahbari Shukurboy Shomurodov. – Yoshlar ekishdan tortib parvarish va yig‘im-terimgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda faol ishtirok etdi. Ayni kunda ushbu samarali mehnatlari evaziga daromadlari ham oshgan. Brokkoli karami daromadi tez, sovuqqa chidamli va hosildor ekin bo‘lgani sabab dehqonchilikka qiziqishi bor yoshlarga bu faoliyatni tavsiya qilyapmiz.
Shuningdek, Paxtakor tumanida ham mirishkor yosh dehqonlarning “Agrobank” ATB Paxtakor filiali tashabbusi bilan ijaraga olingan yer maydonlarida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 5 gektar yerda gulkaram yetishtirildi. Har bir gektardan o‘rtacha 15-20 tonnadan hosil olinmoqda. Loyiha doirasida “Paxtakor shodasi eksport” qishloq xo‘jaligi kooperativi mas’ul etib belgilanib, ijarachilarga malakali agronom biriktirildi. Barcha agrotexnik tadbirlar mutaxassislar tavsiyasi asosida amalga oshirildi.
Yetishtirilgan gulkaram Rossiya va Qozog‘iston bozorlariga, shuningdek, ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Mahsulotning 1 kilogrammi o‘rtacha 6-8 ming so‘mdan sotilib, har bir ijarachi 120-160 million so‘m atrofida daromad oldi. Shu bilan birga, tumandagi qator fermer xo‘jaliklariga qarashli qo‘shimcha 15 gektar yer maydonlarida ham gulkaram yetishtirilib, mahsulot ichki va tashqi bozorga yo‘naltirilmoqda.
Qayd etish joiz, viloyatda yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida 5 ming 726 nafar yosh dehqonchilik bilan shug‘ullanib, ular yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarda sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur loyihalar yoshlarni qishloq xo‘jaligiga keng jalb etish, mehnat orqali barqaror daromad manbalarini shakllantirish hamda eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA