Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman ichki ishlar, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari hamkorligida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tumanda ish topishda qiynalayotgan fuqarolar va yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan tadbirda yuzdan ortiq kishi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi. Ularga tumandagi 78 ta korxona va tashkilot 370 dan ziyod bo‘sh ish o‘rnini taklif etdi.

Mehnat yarmarkasida tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Azamat Norboyev va boshqalar mamlakatimizda aholini ishga joylashtirish, yoshlar bandligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Tashkilot va korxonalarning xodimlar bo‘limi boshliqlari ishtirokchilarni bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishtirdi.


Shu kuni 40 dan ortiq qatnashchiga ishga joylashishi uchun yo‘llanma, 60 dan ziyodiga mehnat qonunchiligi yuzasidan tegishli huquqiy maslahat berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri