Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat yarmarkasida mingdan ziyod ish o‘rni taklif etildi
08:22 / 2023-05-23

Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz davlat pedagogika institutida talabalarni bo‘sh ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ularga yangi imkoniyatlarni taqdim etish maqsadida viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda “Karera kuni” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.

Talaba-yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa bitiruvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda qator yetakchi ish beruvchi tashkilot, muassasa va idoralar bilan birgalikda talabalar va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Ayni paytda Shahrisabz davlat pedagogika institutida 3 ta fakultet, 11 ta kafedra faoliyat yuritib kelmoqda. Institutda umumiy 7151 talaba tahsil olmoqda. 2022-2023 o‘quv yilida institutni 432 nafar talaba bitiradi. Tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasining 16 ta hududiy bo‘limlari hamda viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining 6 ta tuman va shahar bo‘limlari tomonidan Qashqadaryo viloyatining tuman va shaharlarining maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida mavjud 1108 ta vakant (bo‘sh) ish o‘rinlari bilan faol ishtirok etdi.

Tahlillarga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilida Shahrisabz davlat pedagogika institutini tamomlayotgan 280 nafar bitiruvchidan 250 nafari (89,2 foizi) Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois, birinchi navbatda, aynan Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida aynan pedagogika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mavjud bo‘lgan vakant (bo‘sh) ish o‘rinlari taqdimoti o‘tkazildi. 

“Karera kuni” mehnat yarmarkasida bitiruvchilar o‘z mutaxassisligiga va doimiy yashash manziliga to‘g‘ri keladigan ish o‘rinlari ro‘yxati bilan tanishdi. O‘zlarini qiziqtirgan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha tegishli tuman va shahar Maktabgacha va maktab ta’limi xodimi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib bordi. Tadbir yakuniga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining hududiy bo‘limlari tomonidan Shahrisabz davlat pedagogika instituti bitiruvchi bosqich talabalaridan 137 nafari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha tegishli vakant (bo‘sh) lavozimlarda ishlashga rasman taklif qilindi. 2022/2023 o‘quv yili yakuniga qadar ushbu bitiruvchilar bilan ish beruvchilar o‘rtasida ishga joylashish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirilishi choralari ko‘riladi.

– Bugungi tadbir biz yoshlar uchun juda samarali bo‘ldi, – deydi Fotima Nafasova. – O‘zim institutning o‘zga tilli guruhlarda rus tili va adabiyoti yo‘nalishi 3-kurs talabasiman. Mehnat yarmarkasida o‘zim yashaydigan joydagi ishga taklif qilish bo‘yicha Monomarkazi bilan shartnoma imzoladim. Bu esa meni institutni bitirgach o‘z ish o‘rnim borligini bildiradi. Bizdan yagona talab qilinadigan vazifa o‘z ustimizda ishlab bilimlarimizni yanada mustahkamlashdir.

O‘lmas Barotov, O‘zA.