Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash va ish beruvchilar bilan mehnat shartnomasi imzolash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Chorvanasl” markazi, “Qorako‘l” uyushmasi mutasaddilari hamda bitiruvchi bosqich talaba yoshlari ishtirok etdi.
Tadbirda filial direktori Adilbay Yesimbetov va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talaba yoshlarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Tashkil etilgan yarmarkada 40 ga yaqin ish beruvchi tashkilot o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
[gallery-11471]
Tadbir davomida bitiruvchi bosqich talabalari va ish beruvchilar yaqindan muloqot o‘tkazib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Ushbu mehnat yarmarkasida ish beruvchilar va talabalar o‘rtasida jami 23 ta mehnat shartnomasi imzolandi.
Joriy o‘quv yilida filialni 3 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 75 nafar talaba bitiradi. Ma’lumot o‘rnida shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, o‘tgan yili ilk bitiruvchilar hisoblangan jami 36 nafar talabadan 31 nafari ish bilan ta’minlanib, hozirda filialda o‘zlashtirgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etib kelmoqda.
Tadbir davomida talaba yoshlar o‘zlari uchun yaratilayotgan mana shunday keng imkoniyatlarni teran his qilgan holda, kelgusida soha rivoji yo‘lida xizmat qilishga so‘z berdi. Mehnat yarmarkasida talabalar mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishdilar. Eng ahamiyatlisi, ish beruvchilar va bitiruvchi bosqich talabalari o‘rtasida erishilgan foydali kelishuvlar yaqin kelajakda o‘zining samarasini beradi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA