Buxoro shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan chet eldan qaytib kelgan (migrant)lar va 2024 yilda muddatli harbiy xizmatdan qaytgan fuqarolar hamda Buxoro shahrida yashovchi ish bilan band bo‘lmagan aholi uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Mehnat yarmarkasida shahardagi 52 ta korxona va tashkilot o‘zining 2 000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. 851 nafar ishsiz (329 nafari yosh, 513 nafari ayol) fuqaro ishtirok etdi.
Yarmarkada 189 nafar ishsiz fuqaroga korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Ularni ishga joylashtirish jarayoni bo‘lim tomonidan nazoratga olindi.

Shuningdek, yarmarkada “ENTER Engineering Pte. Ltd” kompaniyasi ham mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashib, 157 nafar fuqaroni ro‘yxatga olib, ma’lumotlarini qabul qildi.

Tadbirda shahardagi kam ta’minlangan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 15 nafar xotin-qizga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan jami 128 million so‘m miqdorida subsidiya mablag‘i ajratildi. Ular tikuvchilik hamda non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun subsidiya asosida asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Shuningdek, chet eldan qaytgan 250 nafar (migrant) fuqaro Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi hamda Buxoro arxitektura va qurilish texnikumida kasb-hunarga yo‘naltirildi.

Tadbirda chet eldan kelgan migrantlar uchun shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan tibbiy ko‘rik tashkil qilindi.

Bo‘lim xodimlari tomonidan yarmarkada ishtirok etgan fuqarolarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha mehnat muhofazasi va mehnat qonunchiligi doirasida tegishli huquqiy maslahatlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri