Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat yarmarkasi – yoshlar uchun imkoniyatlar maydoni
14:23 / 2025-09-15

Qashqadaryo viloyatida aholini, xususan, yoshlarni bandlik bilan ta’minlash, ularning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Qarshi shahrida navbatdagi “Ishga marhamat” bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Bu galgi tadbir viloyat hokimligi, Kasaba uyushmalari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda shahar hokimligi hamkorligida o‘tkazildi. Uning asosiy maqsadi mahallalardagi ishsiz va uyushmagan yoshlar, shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini namoyon etishga yordam berishdan iborat bo‘ldi.

Yarmarkada Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan 35 ta korxona va tashkilot tomonidan 709 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. Tadbirda 300 nafarga yaqin ishsiz fuqaro ishtirok etdi. 69 nafar fuqaro ishga joylashish uchun yo‘llanma olgan bo‘lsa, 8 nafar ayollar va yoshlar kasb-hunarga o‘qishga yo‘naltirildi. 20 nafar fuqaroga mehnat migratsiyasi yuzasidan tushuntirishlar berildi. 45 nafar fuqaroga mehnat qonunchiligi va imtiyozli kreditlar bo‘yicha maslahatlar taqdim etildi.

– Bu kabi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tez-tez tashkil qilib turish tarafdoriman. Sababi men kabi ish qidirib yurgan yoshlarning bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Yarashbek G‘ayratov. – Masalan, o‘zim joriy yilda O‘zMUning tarix fakultetini tugatganman. Bir-ikkita joylarga ish so‘rab murojaat qildim, lekin natija bo‘lmadi. Bugungi yarmarka esa ayni muddao bo‘ldi. Qarshi shahridagi xususiy oliy ta’lim muassasasiga tarix fani o‘qituvchisi sifatida ishga joylashdim. Bundan juda xursand bo‘ldim.

Yarmarka jarayonida ishsiz yoshlar ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatdan o‘tish, hujjatlarini topshirish va o‘ziga munosib ish o‘rnini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa mehnat bozoridagi ikki asosiy qatlam ish qidirayotgan fuqaro va mutaxassis izlayotgan korxona o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qildi.

Aynan shunday tadbirlar orqali ko‘plab yoshlar o‘z hayot yo‘lini topmoqda, malaka oshirmoqda va nafaqat ish, balki istiqbolga yo‘l ochmoqda. Bundan tashqari, yarmarka doirasida ko‘plab maslahatlar, huquqiy tushuntirishlar, kasb yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar ham taqdim etildi. Bu esa yoshlar uchun nafaqat ish, balki shaxsiy rivojlanish uchun ham katta imkoniyatdir.

Tadbir tashkilotchilari ta’kidlashicha, bunday mehnat yarmarkalari doimiy ravishda o‘tkazilib boriladi. Chunki ish bilan bandlik faqat iqtisodiy muammo emas, balki ijtimoiy barqarorlik va jamiyat taraqqiyoti uchun ham muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, yoshlarning ishli bo‘lishi ularning ijtimoiy faolligini oshirish, hayotga real qarash bilan yondashishini ta’minlaydi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri