FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tashabbusi bilan Termiz shahrida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda 850 nafarga yaqin ishsiz fuqaro, joriy yilda oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan yoshlar, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish istagidagilar, shuningdek, migratsiya va probatsiyadan qaytgan fuqarolar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Alisher Muratov hamda viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Abdurayimov qatnashib, aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish tartibi hamda “osonish.uz” elektron platformasining imkoniyatlari tushuntirildi.
[gallery-27689]
Yarmarkada viloyatda faoliyat yuritayotgan 1024 ta korxona va tashkilot 2880 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Ish beruvchilar va ish izlovchilar o‘rtasida bevosita muloqot tashkil etildi. Tadbir yakunida 53 nafar fuqaro ishga joylashish uchun korxona va tashkilotlarga yo‘naltirildi, 7 nafarga kasbga o‘qitish kurslari uchun vaucher berildi, 10 kishining oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kredit olish bo‘yicha arizasi qabul qilindi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari va viloyat boshqarmasi boshlig‘ining sayyor qabuli o‘tkazildi. Qabul jarayonida 62 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilib, 42 tasi joyida hal etildi, 5 nafarga kasbga o‘qitish uchun vaucher berildi, qolgan murojaatlar tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi.
Mehnat yarmarkasi aholini ish bilan ta’minlash, yoshlar bandligini oshirish va fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar