Aksariyat talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlab, pul topishni istaydi. Bunda ikkita maqsad ko‘zlanadi. Birinchisi - mehnat faoliyati davomida kasbiy tajribaga ega bo‘lish, ikkinchisi - o‘zining iqtisodiy muammolarini bemalol hal qilish.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida talabalar uchun "JOB FAIR-2025" mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, kasbiy qiziqishlarini shakllantirish, potensial ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va ularning bandligiga ko‘maklashishdir.

Yarmarkada 50 dan ortiq yirik xorijiy va mahalliy kompaniyalar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda amaliyot dasturlari bilan ishtirok etishdi.

2000 dan ortiq talaba yarmarkaga tashrif buyurib, qiziqqan kompaniyalari bilan tanishdi. Bo‘sh ish o‘rinlari va stajirovka imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot oldilar. 80 nafarga yaqin talaba esa tadbir davomida ish beruvchilar bilan suhbatdan o‘tib, ishga qabul qilindi.
N.Rahmonova, O‘zA