Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat yarmarkalarda yangi takliflar bildirilmoqda
15:28 / 2025-07-16

Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Ishga marhamat” kasbiy ko‘nikmalar markazida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Toshkent viloyati hokimligi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Sudyalar Oliy kengashi va hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan tadbirda tuman-shaharlardagi 200 ga yaqin korxonalar o‘zlaridagi 4 ming 42 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Yarmarka davomida ishtirokchilar ishsiz yoshlar, band bo‘lmagan ayollarning 700 nafari ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanmalarga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, mutaxassislar tomonidan aholiga mehnat munosabatlari, amaldagi qonunchilikka oid yangiliklar va kasbiy yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatlar ham berildi. “Ishga marhamat” markazida kasbiy tayyorgarlik kurslari hamda korxonalarga turlar tashkil etildi. 

– Ochig‘i, ish topishga ishonmagandim, – deydi Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi B.Rahimqulov. – Kichik biznes va savdo sohalariga qiziqaman. Shu sababli Chinoz tumanidagi salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonaga ishga joylashdim. Mutaxassislar ish jarayonlari va qulayliklar, oylik maosh masalalarini tushuntirdi. O‘zim ham shu sohani o‘rganib, kelgusida o‘z tadbirkorligimni tashkil qilmoqchiman. 

Tahlillarga ko‘ra, hozir viloyat miqyosida jami korxona va tashkilotlarning 35 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Biroq 50 ming nafarga yaqin turli toifadagi ishsiz aholi borligi aniqlangan. Shu tufayli ularning istak va takliflari o‘rganilmoqda. Joriy yil boshidan beri hududlarda o‘tkazilgan mehnat yarmarkalarida 3 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi. 

– Muammolardan biri, korxonalardagi mavjud mutaxassisliklarga ishchilarning malaka va tajribasi to‘g‘ri kelmaydi. Mehnat yarmarkalarida aynan shu jihatlarga e’tibor qaratgan holda ikki tomonga ham samarali bo‘lishiga harakat qilinmoqda. O‘z navbatida joylardagi kasbga o‘qitish markazlari mas’ullari ham bu yarmarkalarda korxonalar vakillari bilan gaplashib, qaysi yo‘nalishda malakali xodimlarni tayyorlash borasida kelishib olmoqda, – deydi Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldashov. 

A.Musayev,O‘zA.