Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat xavfsizligiga rioya qilinishi uchun yana qancha ishchi halok bo‘lishi kerak?
16:19 / 2026-01-19

O‘zbekistonda qurilish ob’ektlarida mehnat xavfsizligini ta’minlash masalasi yildan yilga tobora dolzarb tus olmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 2024 yilda qurilish sohasida 204 ta mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisa qayd etilgan bo‘lib, oqibatda 71 nafar ishchi halok bo‘lgan.

2025 yilda esa holat yanada og‘irlashgan. Qayd etilgan baxtsiz hodisalar soni 234 taga yetgan, halok bo‘lgan ishchilar soni esa 99 nafarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan ham hodisalar, ham inson o‘limi bilan bog‘liq holatlar soni ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning fikricha, bu holatlar qurilish sohasida mehnat xavfsizligi tizimida jiddiy kamchiliklar mavjudligini yaqqol namoyon etmoqda.

Baxtsiz hodisalarning aksariyati quyidagi omillar bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Xususan,  mehnat xavfsizligi talablariga amal qilinmasligi, ishchilarning shaxsiy himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlanmasligi, qurilish maydonlarida doimiy va samarali nazoratning yo‘qligi, tashkilot rahbarlarining shaxsiy javobgarlikni yetarli darajada his qilmasligida.

Vazirlikda aytilishicha, eng xavotirli jihat,  ko‘plab baxtsiz hodisalar oldindan bashorat qilinishi va ularning oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar ekanidir.

Shu munosabat bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi qator keskin savollarni o‘rtaga tashlamoqda: "Qurilish tashkilotlari rahbarlari mehnat xavfsizligiga jiddiy munosabatda bo‘lishi uchun yana qancha ishchi halok bo‘lishi kerak? Nazorat organlari qat’iy choralar ko‘rishi uchun yana qancha oila otadan, o‘g‘ildan, oila boquvchisidan ayrilishi lozim?»

Xabarda ta’kidlanishicha, qurilish sohasida profilaktik nazoratni kuchaytirish, xavfli ob’ektlarni tizimli monitoring qilish, qonunbuzilishlarga nisbatan muqarrar javobgarlikni ta’minlash hamda inson hayotiga befarq munosabatda bo‘lgan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rish bugungi kunda dolzarb vazifaga aylangan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA