Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida davlat idoralari, korxona va tashkilotlarda xodimlarning mehnat huquqlari, xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini ta’minlash, adolatli haq to‘lanishi va mehnat munosabatlari shaffofligini kuchaytirishga qaratilgan 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.
Bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mehnat munosabatlarini demokratik va insonparvar tamoyillar asosida takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 12 ming 840 davlat nazorati tadbiri o‘tkazilib, 28 ming 801 qonun buzilish holati aniqlangan.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida mansabdor shaxslarga 5 ming 715 yozma ko‘rsatma va 150 taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, norasmiy bandlikni qisqartirish maqsadida 15 ming 180 korxona xatlovdan o‘tkazilib, 69,5 ming ish o‘rni rasmiylashtirilgan.
Senatorlar ayrim yo‘nalishlarda hal etilishi zarur bo‘lgan jiddiy muammolar mavjudligini ham ta’kidladi. Jumladan, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga kamaygani sohadagi huquqbuzarliklar oshishiga xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi.

Ish joylarida texnik xavfsizlik talablariga amal qilinmagani oqibatida 524 baxtsiz hodisa ro‘y berib, 806 nafar xodim jabrlangan. Ulardan 139 nafari halok bo‘lgan, 417 nafari og‘ir, 250 nafari yengil tan jarohati olgani holatning jiddiyligidan darak beradi.
Baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari sifatida ish beruvchilar tomonidan sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarining yaratilmagani, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlashdagi yetishmovchiliklar, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilinmagani va xodimlarning xavfsizlik madaniyatiga e’tiborsizligi keltirib o‘tildi. Qonunbuzarliklar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 61 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, davlat tashkilotlari tomonidan noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodimlarni ishga tiklashga oid 261 sud qarori o‘z vaqtida ijro etilmagani, bu esa aholi noroziligi yuzaga kelishiga va davlat byudjetidan qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘lgani senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
Muhokama yakunida parlament so‘rovi natijalari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, mehnat qonunchiligi ijrosi va mehnat huquqlarining kafolatlanishini kuchaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA