Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat qonunchiligi: tizimli islohotlar samarasi
18:38 / 2022-12-16

Buxoroda “Mehnat qonunchiligidagi islohotlar bo‘yicha xabardorlikni oshirish” mavzusida maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. ACTED tashkiloti va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari, kasaba uyushmalari, jamoatchilik vakillari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Uchrashuvda fuqarolik jamiyati vakillarining yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi bo‘yicha xabardorlikni oshirishga qaratildi.

Ta’kidlanishicha, yangi Mehnat kodeksi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar jumladan, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya, Yaponiya, Janubiy Koreya hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur o‘rganilgan.

Kodeks mehnat huquqining ayrim institutlariga bag‘ishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi yangi normalarni o‘z ichiga olgan.

Kodeksda xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish chog‘idagi kafolatlar belgilanmoqda. Xususan, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorlarni ushbu kechiktirish keltirib chiqargan yo‘qotishlarni ish beruvchiga bir vaqtning o‘zida qisman yoki to‘liq kompensatsiya qilish orqali olti oy muddatgacha to‘xtatib turishi mumkin.

[gallery-9993]

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining barcha asosiy Konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan bo‘lib, eng so‘nggilaridan biri “Birlashmalar erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi 87-sonli konvensiyadir. Mamlakatimizda xodimlar huquqlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining roli yuqori baholanadi.

Maslahat uchrashuvi ishtirokchilari ekspertlar ko‘magida yangi tahrirdagi kodeks bo‘yicha o‘z xabardorligini oshirdi. Shuningdek, mehnat qonunchiligidagi yangiliklar bilan tanishib, joylarda mehnat qonunchiligini amalga oshirish va ularga rioya qilinishini qanday tezlashtirish kerakligi bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi.

Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi taqdimoti”, “Mehnat kodeksidagi o‘zgarishlar bo‘yicha muhokama”, “Muhokama: joylarda mehnat qonunchiligini amalga oshirish va ularga rioya qilinishini qanday tezlashtirish kerak” mavzularida taqdimotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar soha mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga aniq javob oldi.

Ma’lumot uchun, Maslahat uchrashuvi Buyuk Britaniya hukumati moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Iqtisodiy rivojlanish yo‘lida samarali boshqaruv” (EGED) dasturining 2-ustuni bo‘lmish “Shaffof va hisobdor iqtisodiy siyosat uchun fuqarolik jamiyatini mustahkamlash” doirasida tashkil etilgan.

Shuningdek, ushbu maslahat uchrashuvlari Farg‘ona, Sirdaryo, Nukus, Toshkent shaharlarida 2023 yilning yanvar oylarida bo‘lib o‘tadi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA