Serquyosh zaminimiz haqida “unumdor tuprog‘iga cho‘p qadasang ham ko‘karadi” deyilishi bejiz emas. Tabiatning musaffoligi, tuproq va suvining barakasi bois yurtimizda yetishtirilayotgan har qanday mahsulotning mazasi ham, sifatining shuhrati ham o‘zgacha.
Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi hududlaridan biri – Kitob tumani ham ana shunday imkoniyatlarga ega. Bu yerda, ayniqsa, bog‘dorchilik rivojlangan. Tumanda yetishtirilgan uzum, olma, anor va boshqa mevalarning ta’mi nafaqat mamlakatimiz bozorlarida, balki xorijda ham katta talabga ega.
Ayniqsa, uzumchilikka alohida e’tibor qaratish mumkin. Ayni kunlarda tumanning unumdor yerlarida yetishtirilgan uzumlar g‘arq pishib, hosil mavsumi avjiga chiqqan. Har qaysi uzumzorning yonidan o‘tsangiz, qo‘lida qaychi, yelkasida chelak bilan hosil terishga mashg‘ul bo‘lgan hasharchilarga duch kelasiz.
Tumandagi Iskana qishlog‘i esa uzumchilik bilan tanilgan hududlardan. Bu yerning dehqonlari tomonidan yetishtirilgan toifi navli uzumlar bir necha yildan beri xorij bozorlarini zabt etib kelmoqda. Hatto hosil hali tayyor bo‘lmasidanoq xaridorlar kelib, shartnoma tuzib ketadi.
[gallery-25459]
Shunday tajribali bog‘bonlardan biri – Burxon Murodov. Uning aytishicha, 1995 yildan beri shu tokzorda oilaviy mehnat qilib kelmoqda.
– Ilgari bu yerdagi toklar yerga yotqizib parvarishlanardi. Keyin beton ustunlar qo‘yib, sim tortdik. Bu usul hosildorlikni oshirishga katta yordam berdi. Hozir 75 sotix tokzorimizdan 15-16 tonna atrofida uzum olamiz. Daromad ham yomon emas, 70-80 million so‘mga yaqin, – deydi bog‘bon.
Burxon aka asosan toifi navini ekishini aytadi. Shu bilan birga, husayni, qorago‘zal, sultoni kabi mashhur navlar ham bor. Keyingi yillarda esa zamonaviy, eksportbop navlarni olib kelish va ular hisobiga uzumzorni yangilash niyatida. Bu borada u Samarqand va vodiy viloyatlari bog‘bonlari bilan tajriba almashib turibdi.
Uzumzordagi ishlar oilaviy mehnat asosida olib boriladi.
– 30 yildan beri turmush o‘rtog‘im bilan yelkadosh bo‘lib mehnat qilamiz, – deydi bog‘bonning ayoli Komila Mo‘minova. – Biz ayollar toklarni xomtok qilish, novdalarini simbag‘azga bog‘lash va hosilni yig‘ish ishlarini amalga oshiramiz. Mehnatimizdan hech nolimaymiz. Chunki mehnat qilsang, barakasi ham bo‘ladi. Shu bois farzandlarimizni o‘qityapmiz, ro‘zg‘orimiz but, dasturxonimiz to‘kin. Qator oralariga kartoshka, piyoz, sabzi ham ekib, oila ehtiyojini qondiryapmiz.
Darhaqiqat, astoydil mehnat qilinsa, uning samarasi ham barakali bo‘ladi. Kitob tumanida Burxon aka kabi o‘z mehnati orqali turmushini farovon qilgan bog‘bonlar talaygina. Ular bilan suhbatlashsangiz, mahsulotlarining eksport qilinayotgani, oilasida farovonlik ortib borayotgani haqida faxr bilan so‘zlab beradi. Bu esa qishloqda mehnatning qadri va barakasini yanada yuksaltirmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NPR4eWJPARc" title="Mehnat qilsang, barakasi ham bo‘ladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA