Jinoyat sodir etgan shaxslarni jamiyatga qayta integratsiya qilish va ularni foydali mehnat faoliyatiga jalb etish — bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldidagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda, Zomin tumanidagi Ichki ishlar bo‘limi jinoyatchilikning oldini olish va probatsiyada turgan shaxslarni qonuniy mehnat faoliyatiga jalb etish maqsadida navbatdagi “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbir “Dolzarb 20 kunlik” tezkor-profilaktik chora-tadbirlar doirasida o‘tkazildi. Unda turli ish beruvchi tashkilotlar va korxonalar vakillari ishtirok etib, probatsiya nazoratida bo‘lgan fuqarolarga o‘z mehnat jamoalaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berdi. Shaxsiy suhbatlar davomida ish izlovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va ish shartlari bilan tanishdilar.

Yarmarka natijalari ijobiy bo‘ldi: 5 nafar nazoratdagi shaxs doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi, yana 2 nafar fuqaro ish izlovchi sifatida ro‘yxatga olindi. Bu esa ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, turmush tarzini yaxshilashi va qayta jinoyat sodir etish ehtimolini pasaytirishda muhim omil hisoblanadi.
Zomin tumani probatsiya bo‘limi xodimlari bu kabi yarmarkalarni muntazam ravishda tashkil etishni rejalashtirishmoqda. Ular ayni paytda probatsiyadagi shaxslarni ishga yo‘naltirish masalasida davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikka “muvofiqlashtiruvchi ko‘prik” sifatida qaralayotganini ta’kidlashdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA