Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mehnat ortidan rohat ko‘ryapman”
12:02 / 2025-08-28

Davlat mukofoti sovrindorlari

Ishning o‘zini bilgandan ko‘ra, ko‘zini bilgan yaxshi. Buni omilkor fermerlar misolida ham ko‘rish mumkin. Masalan, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Odoqjonbo‘z mahallasida yashovchi Sherzod Mahmatmurodovning suyagi dehqonchilikda qotgan. Tomorqasida doim dehqonchilik qilib, mahsulot yetishtirib bozorlarga sotish orqali tirikchilik qilib kelardi. Ushbu faoliyatni yanada kengaytirish maqsadida 2018 yilda yaxshi niyat bilan  “Nurmanova Xurshida” sabzavotchilik fermer xo‘jaligini tashkil qildi va oilaviy mehnat qila boshladi. Kartoshka, piyoz, sabzi, sholg‘om, pomidor kabi sabzavotlar yetishtirib, ichki bozorlarga chiqara boshladi. Daromad ko‘payib, manfaatdorlik oshgach, faoliyatini yanada takomillashtirishni maqsad qildi.  

[gallery-25004]

Ilgari yiliga bir marta hosil olgan bo‘lsa, endilikda yil davomida yerni bo‘sh qo‘ymay uch marotaba hosil olishning uddasidan chiqmoqda.  

Tashabbuskor fermer haqida maqola yozish maqsadida manzilga borar ekanmiz, dehqonni daladan topdik. Ikkinchi hosil sifatida ekilgan tarvuzlarning ayni pishgan payti ekan. Terim avjida. Qo‘shni viloyatlardan kelgan xaridorlar mahsulotlarni mashinaga yuklash bilan band.  

“Hormang” deya dehqonni suhbatga chorlaymiz.

– 2018 yil 18 gektar maydonda sabzavotchilik fermer xo‘jaligini tashkil qilgan edim. Shundan buyon ajratilgan yerga kartoshka, piyoz kabi poliz ekinlarini ekib keldim, – deydi Sherzod Mahmatmurodov. – 2022 yilga borib, 2 gektar maydonga eksportbop brokkolli karami ekdim. Daromadi yaxshi bo‘ldi. Keyingi yil 10 gektar joyga ekdim. Eksportimiz anchagina samarali bo‘ldi. Bir yilda uch marta hosil olishga erishyapman. Hozirgi kunda karamning brokkolli, oqgulkaram kabi turlarini ekishni boshladik. Hududimizdagi 100 nafargacha aholining mavsumiy bandligini ta’minlab kelyapman. Mana shu ko‘rib turgan tarvuz ikkinchi hosil. Buni yig‘ishtirib, o‘rniga brokkolli karamni ekishni boshlaymiz.  

Yerni boqsang, yer seni boqadi, degan naql bejizga aytilmagan. Kerakli mahalliy va meneral o‘g‘itlar vaqtida solinib, ekinning parvarishi tartib bilan amalga oshirilsa, aytilgan hosilni olish mumkin ekanligini Sherzod Mahmatmurodov o‘z faoliyatida ko‘rsatib kelmoqda. U nafaqat o‘zi, balki hududdagi 80 ta dehqon xo‘jaligi egalarini bir joyga jamlab, kooperatsiya ham tuzgan. Aniq ko‘rsatma va tavsiyalar orqali ularning ham yeridan yaxshigina daromad olishiga ko‘maklashmoqda.

– Hozirgi kunda 28 gektar yerim bor, – deya fikrini davom ettiradi dehqon. – Bundan tashqari atrofimdagi fermer xo‘jaliklarining g‘alladan bo‘shagan maydonlariga ham takroriy ekin sifatida mahsulot yetishtiryapman. 80 ta dehqon xo‘jaliklarini birlashtirib, kooperatsiya uslubida sabzavot yetishtirishni davom ettiryapmiz. Ularning dalalariga ham eksportbop karam ekishni yo‘lga qo‘yganmiz. O‘tgan yili brokkoli karamini bir million dollardan ziyod qiymatda eksport qilganmiz. Bugungi kunda ushbu ko‘rsatkichni 2 million dollarga chiqarishni maqsad qilyapmiz.

Mehnat qilgan kishi borki, albatta baraka topishini o‘ziga dasturilamal qilib olgan dehqon 6 gektar joyga ekilgan bahorgi sarimsoqpiyoz va kartoshkaning gektaridan 35 tonnadan hosil olib, ichki bozorga chiqardi.  O‘rniga ekilgan tarvuz ayni paytda tayyor bo‘lgan. Uni yig‘ishtirib olgach, o‘rniga yana karam ekiladi. Shu tarzda ishlar bosqichma-bosqich davom etaveradi. Boshqa maydondagi ikkinchi hosil sifatida ekilgan “oqpar” navli bulg‘or qalampirlari ham pisha boshlagan.  

– Qashqadaryoning tuprog‘iga nimaiki ekmang, unib o‘saveradi, – deydi Sherzod aka. – Faqat chin dildan mehnat qilish kerak. Yuqori natijalarga erishishimizning ortida mehnat va hukumatimizning qo‘llab-quvvatlovi yotibdi. Buni o‘z faoliyatim misolida ko‘rib turibman. Masalan, bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, xorijlik hamkorlar bilan kelishgan holda brokkolli karamini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilyapmiz. Yaxshigina daromad ko‘ryapmiz. Imtiyozli narxlarda kredit mablag‘lari olib, ishimizni bitiryapmiz.  

Albatta, har qanday mehnatning rag‘bati bo‘ladi. Kamtarona mehnatlari e’tiborga olinib, Sherzod  Mahmatmurodov davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu xushxabarni eshitar ekan ko‘zlariga xursandchilik yoshlari qalqdi. Mehnatdan horigan tani qaytadan kuchga to‘ldi. Ketmonni yelkaga tashlab yana dalaga otlandi...  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),  

O‘zA muxbirlari