Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfi kamayadi
14:14 / 2022-11-06

Jizzax viloyati hokmiligida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, olimlar va soha mutaxassislar ishtirokida yangi tahrirdagi mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Nazira Muxtorova olib bordi.

Seminar ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-xuquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Sherzod To‘xtashev hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi  O‘rol O‘razboyev va boshqalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni asosida tasdiqlangan yangi tahrirdagi mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini huquqni qo‘llovchilarga tushuntirish, uning ijrosini ta’minlash kabi ustuvor masalalar to‘g‘risidagi ma’ruzalarini katta qiziqish va e’tibor bilan tingladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori mehnat munosabatlari tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli tizimli ishlar olib borildi.

Seminarda mehnat kodeksi loyihasini ishlab chiqish chog‘ida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi o‘rganilgani, Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida  bir yil davomida  tahlil etilib, maromiga yetkazilgani qayd etildi.

Yangi tahrirdagi mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli 3 barobar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shildi.

Mehnat bozorining kelajakdagi rivoji uchun xizmat qiladigan yangi tahrirdagi mehnat kodeksi mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

– Mazkur kodeks istiqbolda kichik biznes sub’ektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solishga imkon beradi, – deydi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov. – Rasmiy va norasmiy tarmoqda mavsumiy ish bilan band bo‘lganlarning mehnat huquqlarini tartibga solishdagi bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etadi. Mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfi kamayib, “Yagona milliy mehnat tizimi” raqamlashtiriladi.  

Shu kunning o‘zida xuddi shunday –  yangi tahrirdagi mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar Jizzax shahridagi “IRUSKON”ning qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish firmasida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, olim va soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi.

Tadbir avvalida seminar ishtiorkchilari “IRUSKON” qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish firmasi ishchi-xizmatchilari bilan uchrashib, suhbatlashdi, ularga yaratilgan mehnat sharoitlari bilan tanishdi.

Seminarda viloyat hokimligi mas’ullari, viloyat boshqarma, tashkilot va korxona rahbarlari hamda kadrlar bo‘limi boshliqlari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyatdagi yirik tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari, nodavlat-notijorat tashkilotlarining jami 160 nafar xodimlari ishtirok etdi.  

“IRUSKON”da faoliyat yuritayotgan xodimlarga deputatlar tomonidan zaruriy ma’lumotlar berib o‘tildi.

– Joriy yilning 28 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining yangi mehnat kodeksi imzolandi. Mazkur kodeks 6 oydan so‘ng kuchga kiradi. Shuning uchun hozircha eski kodeksimiz amalda bo‘lib turadi. Lekin ushbu muddat davomida barchamiz, xususan, rahbarlar, mutaxassislar, xodimlar ushbu kodeks talabini yaxshi o‘zlashtirib olishimiz hamda bu yo‘nalishda tashkiliy choralarni ko‘rishimiz lozim bo‘ladi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi  O‘rol O‘razboyev.

Muxtasar qilib aytganda, seminarlarda ushbu hujjatning mazkur sohadagi qator muammolarni hal qilishda, ishlagan ishiga, ish beruvchi esa kiritgan sarmoyasiga munosib tarzda e’tibor va rag‘batga ega bo‘lishida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi xususida atroflicha so‘z yuritildi.  

Har ikki tadbir nihoyasida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sohaning mutaxassislaridan batafsil javob oldi.

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA