Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat migratsiyasida Yevropa davlatlarining ulushi ortmoqda
16:59 / 2025-08-21

So‘nggi yillarda mehnat migratsiyasi oqimida Yevropa Ittifoqi davlatlarining ulushi ortib bormoqda. Strategik va uzoq muddatli hamkor davlatlar safidan Germaniya, Angliya, Yaponiya, Italiya, Shvetsiya, Bolgariya, Sloveniya o‘rin olmoqda.

2025 yilning birinchi yarim yilligida 17 ta davlatning mas’ul vazirlari, 22 ta xalqaro tashkilot vakillari hamda elchilar bilan ikki tomonlama o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida ishchi viza kvotalari soni oshirilgan. Tashkiliy migratsiya yo‘nalishida strategik hamkorlik va oylik ish xaqi o‘rtacha 1,5 ming AQSH dollari va undan yuqori bo‘lgan 211 mingta yangi ish o‘rni aniqlanib, 129 ta yirik xorijiy korxonalar bilan shartnomalar imzolangan.

Joriy yil yakuniga qadar 200 ming nafar fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish rejasi belgilangan bo‘lib, yarim yillikda jami 86,3 ming nafar fuqarolar 17 tadan ortiq davlatlarga yuqori daromadli ishlarga joylashtirilgan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, shu yilning olti oyida xalqaro pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27 foizga o‘sgan.

Xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarni o‘qitish maqsadida Germaniya, Yaponiya, Koreya, Bolgariya davlatlari tashkilotlari bilan hamkorlikda respublikaning 9 ta hududida xalqaro o‘quv markazlari tashkil etilgan. Natijada yil boshidan xususiy sektorni jalb etgan holda jami kasbiy ta’lim muassasalarida 45,3 ming nafar fuqaro kasb va chet tillariga o‘qitilgan.

Bu haqda parlament quyi palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi va Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi. Unda Prezidentimizning tegishli farmonlarining bajarilishi natijalari, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish ijrosi, xususan, mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida migratsiya agentliklarining joylardagi faoliyatini kuchaytirish, noqonuniy ishga joylashuvga qarshi qat’iy choralar ko‘rish, ayol va yosh migrantlar uchun maxsus dasturlarni ishlab chiqish, ichki migratsiya uchun uy-joy, ta’lim va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaxshilash, xorijdagi mehnat migrantlarining huquqiy muhofazasini ta’minlash uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA