Sloveniyaning bandlik xizmati bosh direktori va Dunyo davlat bandlik xizmatlari assotsiatsiyasi prezidenti Greta Metka Barbo Shkerbinch Buxoro viloyati hokimi bilan uchrashdi. Muloqotda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda Sloveniya mehnat bozori uchun malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirish, davlat bandlik xizmatlari ko‘rsatilishida tajriba almashish va innovatsion yondashuvlarni o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbarining Sloveniyaga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Migratsiya agentligi rahbariyati va Sloveniya Bandlik xizmati o‘rtasida “Yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Hujjat O‘zbekistonda Sloveniya standartlari bo‘yicha kasbiy o‘qitish dasturlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Bu Yevropada talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash imkonini beradi. Shunga ko‘ra, muloqotda ishsizlarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlash va sloven kasbiy standartlarini O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimiga integratsiya qilish mexanizmlari ishlab chiqish bo‘yicha ham fikr almashildi.

Tomonlar sloven ish beruvchilarining buyurtmalari asosida malakali mutaxassislarni tayyorlash va o‘quv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish, raqamlashtirish, hisobga olish va mehnat migratsiyasi monitoringini amalga oshirish sohasida tajriba almashishni o‘z ichiga olgan hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.