Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat migratsiyasi: O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu soha monitoringi doirasida Qozog‘istonga tashrif buyurdi
17:58 / 2022-11-01

Mamlakatimiz delegatsiyasi “O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi hukumatlari o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risida bitim”ning Qozog‘iston hududidagi ijrosini o‘rganish maqsadida 2022 yil Ostona va Olmaota shaharlarida bo‘lib turibdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmatiga ko‘ra, delegatsiyasining tarkibi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassislaridan iborat. Monitoringda Xalqaro migratsiya tashkiloti vakillari ham ishtirok etmoqda.

Tashrifning asosiy maqsadi ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikka oid bitimning Qozog‘iston hududidagi ijrosini o‘rganishdir. Bu boradagi o‘rganish natijalari negizida davlatlarimizning tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha komissiya rahbariyati va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi O‘tkirbek Ochilov inson huquqlarini himoya qilishga doir masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Qozog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama teng huquqli aloqalarni yanada mustahkamlash, salohiyatli ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ishchilarni ma’lum bir yo‘nalishda kasbiy tayyorlash va ishga qabul qilish jarayonlarini tashkil qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Migrantlar huquqlari poymol qilinishi holatlarining oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Migrantlarning huquqlari himoyasini har tomonlama ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvlar yakunida ushbu tashrif bitimni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan ikki davlat tegishli tashkilotlari uchun ham samarali bo‘lgani ta’kidlandi. Bu boradagi tashkiliy jarayonlarda hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.

O‘zA