Aholi farovonligi, mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi fuqarolarning mehnat va doimiy ish bilan bandlik darajasiga bevosita bog‘liq. Bu borada yurtimizda aholini ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda fuqarolarni xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlariga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan xorijiy davlatlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida qator davlatlar salohiyatli ish beruvchilari bilan kelishuvlarga erishilmoqda.
Xorijiy davlatlarga mehnat migrantlarini davlat tomonidan shartnomalar asosida yuborish borasidagi ishlar haqida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Xo‘jaakbar Fayzullaxo‘jayev bilan suhbatlashdik.
— Hukumat darajasida migrantlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda, qaysi davlatlar bilan shartnomalar imzolangan?
— 2023 yilda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish orqali fuqarolarning xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlariga ko‘maklashish, mehnat migrantlariga huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish, xorijdan qaytgan mehnat migrantlari bandligini ta’minlash borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan yilda 24 ta xorijiy davlatlarning 398 ta yirik ish beruvchi tashkilotlari va rekruting agentliklari bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Sa’y-harakatlar, tizimli muloqotlar natijasida O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan 118 ta shartnoma imzolanishiga erishildi. 2023 yil davomida iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Agentlik bilan hamkorlik kelishuvi imzolagan mazkur ish beruvchi va rekruting agentliklarining 100 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlandi. 60 mingta bo‘sh ish o‘rniga talabnoma olindi.
— Yurtimiz mehnat migrantlari tomonidan qaysi davlatlarga borib ishlash talabi yuqori?
— Bugungi kunda mehnat migratsiyasi georgafiyasini kengaytirish, xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizni dunyoning rivojlangan davlatlariga ishga jalb qilish, xususan, Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2018 yilda xorijiy davlatlarga 3 ming 500 dan ortiq fuqarolarimiz tashkillashtirilgan holda yuborilgan bo‘lsa, 2023 yilda 38 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz xorijiy davlatlarga manzilli ishlarga jalb qilindi.
Ayni paytda fuqarolarimiz tomonidan asosan Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Litva, Turkiya kabi davlatlarga borib ishlashga talab yuqori. O‘z navbatida, ushbu davlatlardan ham bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha talabnomalar mavjud va vaqti-vaqti bilan tanlovlar o‘tkazilmoqda.
— Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa mamlakatlariga o‘zbeklar uchun ish o‘rinlariga takliflar ortgan, o‘z navbatida, fuqarolarimiz tomonidan ham talablar ko‘paygan, to‘g‘rimi?
— Ta’kidlash kerakki, Yevropa davlatlarida demografik muammolar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishchi kuchi yetishmovchiligi xorijiy ishchi kuchiga talabni oshirmoqda. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda fuqarolarimiz Yevropa davlatlariga tashkiliy ishlarga jo‘natilmoqda. Shuni alohida aytish lozimki, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan deylik, bundan 5-6 yil oldin Yevropa davlatlariga fuqarolar tashkillashtirilgan holda ishga jo‘natilmagan. Mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida ushbu davlatlar salohiyatli ish beruvchilari bilan kelishuvlarga erishilib, so‘nggi yillarda fuqarolar Yevropaning turli davlatlariga tashkiliy ishlarga yuborilmoqda va bu, albatta, yildan-yilga kengaytirilmoqda.
— Rossiya Federatsiyasi hududida hozirda qancha o‘zbek mehnat migranti bor?
— Bugungi kunda Rossiyada bir million atrofida O‘zbekiston fuqarolari vaqtincha mehnat faoliyatini olib bormoqda. Albatta, migrantlarimiz soni mavsumga ko‘ra o‘zgarib turadi.
— Xorijdagi ish beruvchilar ishchilarni tanlab olishda asosan nimalarga e’tibor berishadi? Ularning ham o‘ziga yarasha talablari bo‘lsa kerak, albatta?
— Darhaqiqat, har qanday ish beruvchi aniq natijaga erishish maqsadini ko‘zlaydi. Shundan kelib chiqib, ish beruvchilar fuqarolarni asosan malaka tajribasi, chet tilini bilish darajasi, ishchanlik qobiliyati kabi jihatlariga ko‘ra tanlab oladi.
O‘z o‘rnida dunyoning rivojlangan davlatlariga borib ishlayotgan va ishlash uchun ketayotgan yurtdoshlarimiz ham migratsiya qonunchiligiga rioya qilishi lozim. Mehnat migrantlarimizning mehnat shartnomasi talablarini buzmasligi, ish beruvchilar hurmatini qozonishi keyinchalik ushbu davlatlarga O‘zbekistondan migratsiya oqimi hajmining ortishiga yordam beradi.
— Bugun dunyodagi qaltis bir vaziyatda xorijdagi vatandoshlarimizni har tomonlama himoya qilish muhim masala. Migrantlarimiz huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Agentlik tomonidan qanday ishlar olib borilmoqda?
— 2023 yilda bu borada ham qator amaliy ishlar qilindi. Agentlik tomonidan xorijda mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida muntazam monitoring olib boriladi. Jumladan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Ishchi guruhining Buyuk Britaniya, Ruminiya, Turkiya, Latviya, Litva, Koreya, Yaponiya, Rossiya, Qozog‘istonga 20 marotaba xizmat safari tashkil etilib, 110 ta korxonada ishlayotgan 18 mingdan ortiq mehnat migrantlarining yashash va mehnat sharoitlari o‘rganildi.
Shuningdek, Agentlik vakolatxonalari va vakillari, konsullik muassasalari tomonidan 1 ming 448 ta korxonada ishlayotgan 169,8 ming nafardan ortiq mehnat migrantlari faoliyati monitoring qilindi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi vakillaridan iborat delegatsiyaning Janubiy Koreyaga xizmat safari davomida Tejon, Pusan, Ulsan, Poxan hamda Seul shaharlaridagi korxonalarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarimiz hamda ularning ish beruvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda yurtdoshlarimizga ma’naviy sog‘lom bo‘lish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik, turli buzg‘unchiliklardan ogoh va hushyor bo‘lish yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, Agentlik xorijdagi o‘zbek diasporalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston fuqarolari huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida xorijdagi 47 ta o‘zbek diasporalari va 2 ta Vatandoshlar jamoat birlashmalari bilan hamkorlik shartnomalarimiz mavjud.
Monitoringlar davomida mehnat shartnomasi shartlari bajarilishi, mehnat migrantlarining mehnat qilish va yashash sharoitlarini o‘rganish jarayonlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Raqamlarga murojaat qilsak, 2023 yil davomida jami 227 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan. Shundan 197 mingdan ortig‘iga axborot va maslahat xizmati, 13 mingga yaqiniga huquqiy, 13 mingdan ortig‘iga ijtimoiy, 3 mingga yaqiniga moddiy ko‘mak ko‘rsatilgan.
Shuningdek, 115 nafar fuqaro vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan. Og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 547 nafar yurtdoshimiz esa O‘zbekistonga olib kelingan. Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimiz ish beruvchilaridan 1 million 700 ming AQSH dollaridan ortiq ish haqlari undirib berilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, fuqarolarimizni tashkillashtirilgan holda ishga jo‘natish va mehnat migrantlarimizning haq-huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar muntazam ravishda davom ettiriladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova suhbatlashdi.