Mehnat migrantlarining ish haqlari undirib berildi
Unda chet elda mehnat qilayotgan migrantlarni, ayniqsa yoshlar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda davra suhbati oʻtkazildi.
Unda chet elda mehnat qilayotgan migrantlarni, ayniqsa yoshlar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda mehnat migratsiyasi global rivojlanishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi, shu bilan birga xalqaro nuqtayi nazaridan jiddiy masala hamdir. BMT maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 50 yil ichida oʻz mamlakatidan tashqarida yashovchi odamlar soni 3 barobar oshgan.
Oʻzbekistonda ham bu yoʻnalishlardagi munosabatlarni tartibga solish, mavjud muammolarni hal qilish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, chet elda boʻlib turgan xotin-qizlarni, umuman mehnat migrantlarning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga muhim masala sifatida qaralmoqda.
Ushbu yoʻnalishda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan COVID-19 tarqalishi sababli xorijda qiyin moliyaviy ahvolga tushib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha agentlikning birgamiz.com elektron platformasiga kelib tushgan mehnat migrantlarining murojaatlari oʻrganildi.
Ularning 753 nafariga qonunda belgilangan tartibda xalqaro pul oʻtkazma tizimi orqali tegishli miqdorda moddiy yordam yoʻnaltirildi. Vakolatxonalar aralashuvi bilan mehnat migrantlarining ish beruvchilardan undirilmagan 378 ming AQSH dollari miqdorida ish haqlari undirib berildi.
Shuningdek, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida ayol migrantlarning muammolarini hal qilishda yaqindan yordam berilmoqda. Joylarda migratsiyadan qaytgan ayollar bilan alohida ishlash tizimi mahalliy Kengashlar bilan birgalikda monitoring qilinishi taʼminlangan. Ayniqsa “temir daftar” va “ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimiz bilan olib borilayotgan ishlar ustidan parlament nazorati oʻrnatilmoqda.
Davra suhbatida mazkur yoʻnalishda hamkorlikni kuchaytirishga oid muhim masalalar muhokama qilindi. Bu borada turli takliflar ilgari surildi.