Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat migrantlari huquqi davlat himoyasida
20:09 / 2020-12-17

Poytaxtimizda 18 dekabr – Xalqaro migrantlar kuni munosabati bilan “Pandemiya sharoitida migratsiyaning yangi tendensiyalari, migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilish” mavzuida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan forumda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha koordinatori, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirda mehnat migratsiyasi sohasini yanada takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar masalasi muhokama qilinib, bu borada xorijlik hamkorlar bilan o‘zaro tajriba almashildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda dunyo migrantlari soni 272 millionga yetmoqda va ularning uchdan ikki qismi mehnat migrantlari hisoblanadi. Agar ichki migrantlar ham qo‘shib hisoblansa, sayyoramizning har yettinchi odami migrantdir. Jahon miqyosida xalqaro migrantlarning 52 foizini erkaklar, 48 foizini ayollar tashkil qiladi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda migratsiyani tartibga solish va migrantlarni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkiya, Yaponiya va BAA bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hukumatlararo bitimlar tuzildi, chet elda ishlayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun alohida jamg‘arma tashkil etildi, «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi va takomillashtirildi.

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy etildi, – dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov. 

– Shunga muvofiq, mehnat migrantlarini xorijga ketishidan oldin tayyorlash, kasbga, tilga o‘qitish, ularga munosib ish o‘rni topib berish, xorijga ketganidan keyin ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash, qaytib kelgach esa yashab turgan joylarida bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish va rag‘batlantirish kabi bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Pandemiya davri bo‘lsada, 9 mingga yaqin fuqarolarimizni tashkillashtirilgan xavfsiz migratsiyasiga yuborishga muvaffaq bo‘ldik. Shuningdek, 130 mingga yaqin fuqarolarimizni mamlakatimizda ishga joyladik. Maqsadimiz, xorijda ishlayotgan fuqarolarimiz mehnat sharoitlarini yahshilash, ularga moddiy va boshqa yordamlarni ko‘rsatishdan iborat.

Forum davomida migratsiyadagi global va mintaqaviy tendensiyalar, COVID-19 pandemiyasining Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan migrantlarga ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri, mehnat migrantlariga chet tillarini o‘qitish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA