Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat kodeksi inson qadri uchun xizmat qiladi
18:46 / 2022-11-10

Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 28 oktyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksi tasdiqlandi. Bu kodeks olti oydan so‘ng kuchga kiradi.

Xo‘sh, yangi kodeksning zarurati nimada? Uning eskisidan farqli jihatlari nimalarda ko‘rinadi?

Avvalambor, aytish joizki bugungi kunda O‘zbekistonda barcha sohalarda juda katta yangilanishlar yuz beryapti, odamlarimizning dunyoqarashi o‘zgaryapti, mulkdorlar soni kun sayin oshib, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi ortmoqda. Bu jihatlar o‘z-o‘zidan mehnat bozorida ham yangi islohotlarni talab etadi.

Amaldagi mehnat kodeksi 1995 yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi voqelikka mos kelmay qoldi. Ushbu kodeks fuqarolarni mehnatga jalb qilishning yangi shakllarini nazarda tutmaydi. Misol uchun, pandemiya sharoitida masofadan ishlash borasida ish beruvchi va xodimlarning huquq-majburiyatlari, mehnatni tashkil etish, kompensatsiya to‘lovlari kabi jihatlar ko‘zda tutilmaganligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Shu singari, ilgarigi kodeks asosan davlat tashkilotlari va yirik sanoat korxonalariga qaratilgan bo‘lib, kichik biznes vakillari va yakka tartibdagi tadbirkorlar mehnatini huquqiy tartibga solishni to‘liq qamrab olmagan. Vaholanki, bugungi kunda band aholining salmoqli qismi aynan kichik biznes bilan mashg‘ul.

Yangi kodeksda kasanachilar, jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchilar va ular qo‘lida mehnat qiluvchilar, shuningdek, YATTda yollanma asosida ishlovchilar, o‘rindoshlar, vaqtinchalik va mavsumiy ishchilar, smenali ishchilar, masofaviy ishchilar va hokazo holatlar ko‘zda tutilmoqda. Misol uchun, mikrofirmalar xodimlari, YATT tomonidan yollangan shaxslar hamda ish beruvchi – jismoniy shaxslarda ishlaydigan shaxslarning (uy ishchilari) mehnati tartibga solinmoqda. Bunda uy ishchilari sifatida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, ish beruvchi – jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladigan xodimlar (bog‘bon, enaga, qorovul, xizmatkor, kotib va boshqalar) tushuniladi.

Bundan tashqari, kasb-hunarga o‘rgatish, mehnat sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy etishni zamonning o‘zi talab etmoqda. Masalan, elektron mehnat daftarchasini yuritish, yagona axborot bazasida (my.mehnat.uz) mehnat shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish va hokazolar yangi hujjatda o‘z aksini topgan. Shuningdek, «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mehnat shartnomalarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish talablari belgilanmoqda. Ushbu talabning kiritilishi mehnat shartnomalarining majburiy tuzilishini, shaffofligini, ularning bajarilishi nazoratini ta’minlaydi. Shu bilan birga, qog‘oz ko‘rinishidagi mehnat shartnomalarini yo‘qotish holatlarining oldi olinadi.

Umuman olganda, yangi Kodeks zamon bilan hamnafas holda, amalda tez o‘zgaruvchan bozor sharoitlariga tezkor moslashish, ishga kirish, dam olish va ta’til, xodimni rag‘batlantirish va kompensatsiya to‘lash, xotin-qizlar va chet el fuqarolarining mehnat sharoiti, jamoatchilik nazorati, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlar kabi dolzarb masalalarni o‘zida jamlab, ularga qonuniy tavsif bera oladi. Bir so‘z bilan aytsak, bu hujjat xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashi, turli sansalorliklarni oldini olish, qulay mehnat sharoitini yuzaga keltirishga xizmat qiladi.

Manzuraxon SALIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi.