Shu kunlarda O‘zbekistonimizning eng ulug‘ va aziz bayrami, Davlatimiz Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” umummilliy birdamlik festivali doirasidagi tadbirlar joylarda keng nishonlanmoqda.
Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati tomonidan tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar uchun joriy yil 12-31 avgust kunlarida “Metallurg” madaniyat saroyi hovlisida musiqiy dasturlar, shoular, ko‘ngilochar sovrinli o‘yinlar namoyish etilmoqda.

Tashkilotchilar tomonidan namoyish etilgan turli xil adabiyotlar ko‘rgazmasi ham ko‘pchilikda katta taassurot qoldirmoqda. Jumladan, 3-Mis boyitish fabrikasi va Moddiy texnik ta’minoti boshqarmasi, Rux zavodi va Elektr tarmoqlari boshqarmasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti va Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi kabi muassasalar ishchilari shodiyonalarda faol qatnashdi.

“Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi. Bayram tadbirlari doirasida kombinatning o‘quv markazi hamda Markaziy apparat kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan tarkibiy bo‘linmalar jamoalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Unda sakkizta jamoa qatnashdi. Ishtirokchilar mantiqiy, tarixiy, davlatimiz mustaqilligi va kombinat tarixiga oid savollarga javob izladi.

G‘oliblikni Moddiy texnik ta’minoti boshqarmasi bilimdonlari qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, 30 yoshdan yuqori bo‘lgan muhandis-texnik xodimlar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi. Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasi hamda Elektr tarmoqlari boshqarmasi jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 3-0 hisobida zafar quchgan temir yo‘lchilar uchinchi o‘ringa munosib topildi.

Finalda esa Qalmoqqir kon boshqarmasi va Mis eritish zavodi jamoalari kuch sinashdi. Bahslarga boy bo‘lgan final o‘yinda konchilar 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempion bo‘ldi. Mis erituvchilar esa ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishdi. Musobaqa g‘oliblari medallar va pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Bayram kayfiyati Toshkent viloyatining har bir mehnat jabhasi, shahar va qishloqlariga kirib bormoqda.
A.Musayev,O‘zA.