Zamondoshlarimiz
Hakimjon Jumayev Karmana tumanida joylashgan “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialiga qarashli maishiy gaz ballonlarni ta’mirlash va sinash sexida o‘n olti yildan beri chilangar bo‘lib ishlab keladi. Mahalladoshlari va kasbdoshlari o‘rtasida e’tiborga sazovor bo‘lgan bu inson o‘z mehnatidan zavq oladi.
Gaz ta’minoti tizimida faoliyat yuritishning o‘ziga yarasha mashaqqatli tomonlari bor. Ammo inson qaysi kasbga mehr qo‘ysa, o‘sha sohadagi qiyinchiliklarni ham matonat bilan yengib o‘tadi. Jamoasida va el orasida hurmat qozonadi.

– Bir kunda o‘rtacha 55-60 taga maishiy gaz ballonlarni sinovdan o‘tkazamiz va ta’mirlaymiz. Ishimiz juda mas’uliyatli, e’tiborsizlik, beparvolik qilishga haqqimiz yo‘q. Biz soz holatga keltirgan gaz ballonlardan xalqimiz foydalanib, og‘iri yengil bo‘layotganini o‘ylash hamma charchoqlarni tarqatib yuboradi. Kasbim orqali halol rizq topib, kam bo‘lmadim. Farzandlarimni o‘qitdim, uchtasi oliy ma’lumotli, hozir kenjamiz ham o‘qishga kirish uchun tayyorlanmoqda. Sevimli ishim, yaxshi ko‘rgan oilam bor. Sexda shogirdlarimga bilganlarimni o‘rgatishdan zerikmayman, – deydi Hakimjon Jumayev.
Suhbatimiz davomida mehnat kishini ulug‘lashiga yana bir bor ishonch hosil qildik.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.