15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘ini Qo‘lba qishlog‘ida Gulmira Yangiyevani ko‘pchilik mohir gulchi sifatida yaxshi biladi. U ekin yerining har bir qarichidan unumli foydalanib daromad ham olmoqda.

– Yoshligimdan gullarga qiziqib, ularni yetishtirishga intilib kelaman. Keyinchalik bu tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga va o‘z navbatida daromad manbaiga aylandi. Gul ham inson kabi mehrga muhtoj. Ko‘ngildagidek parvarishlansa bor go‘zalligini namoyon etadi, – deydi Gulmira Yangiyeva.

Gulmira Yangiyeva yashash xonadonidagi tomorqada hamda mahalla ma’muriyati ko‘magida 40 sotix yerda gul va turli xil rezavorlar yetishtirib, boshqalarga o‘rnak bo‘lmoqda.

Bugunda tasarrufidagi tomorqadan oqilona foydalanib, har mavsumda oilasiga 70-80 million so‘m daromad keltirayotganidan mamnun.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.