Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat huquqlarining kafolatli himoyasini ta’minlashda muhim manba
10:42 / 2025-06-15

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tashabbusi bilan “Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi bo‘yicha kadrlar ishlarini tashkillashtirish va mehnatga bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish” mavzusida seminar o‘tkazildi

Unga vazirliklar, korxona va tashkilotlar, aksiyadorlik-tijorat banklari mas’ul xodimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo (tuman) sudlari sudyalari  ishtirok etishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida” gi qarorini o‘rganish, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasi, 2-qismi, 2, 4-5-bandlariga asosan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari xususida so‘z yuritildi.  

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ushbu qarori bugungi kunda sud-huquq amaliyotida dolzarb muhim  ahamiyat kasb etmoqda. Unda sudlar tomonidan mehnat shartnomalarining bekor qilinishi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda yagona yondashuvni shakllantirish, amaldagi qonunchilik normalarini to‘g‘ri va bir xilda tatbiq etish, xodimlarning mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan muhim tavsiyalar bayon etilgan.  

Mazkur Plenum qarori mehnat huquqlarining kafolatli himoyasini ta’minlashda muhim normativ-huquqiy manba sifatida xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, mehnat nizolari bo‘yicha sud qarorlarining asoslanganligi va adolatliligini oshirishni ta’minlaydi.

Seminarda ma’ruzachilar tomonidan qayd etilganidek,  mehnat nizolarini hal qilishda sudlar tomonidan bir qator salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Ularda ish yuklamalarini kamaytirish maqsadida ushbu seminar tashkil qilingan bo‘lib, bunda ish beruvchilar tomonidan tizimli ravishda yo‘l qo‘yilib kelinayotgan xato va kamchiliklar ko‘rsatilib, ushbu holatlarni ish beruvchilar e’tiboriga yetkazish, mehnat qonunchiligi talablariga qatiy rioya qilish lozim.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida mehnat munosabatlarining vujudga kelishi uchun asoslar kengaytirildi. Ya’ni ishga qabul qilish bo‘yicha ochiq mustaqil tanlovdan o‘tkazish, lavozimga saylanish, xodimni vakolatli davlat organi tomonidan ishga yuborish, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni ishga qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishga oid ishlash huquqini tasdiqlash kabi masalalar o‘z ifodasini topgan.

Har qanday tashkilotda mehnat qonunchiligiga qat’iy rioya etilsa, ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlari buzilmaydi. Bu borada yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi va boshqa qonun talablarini chuqur o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish muhim ahamiyatga ega.

Bu yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli nizolarning oldini olish barobarida sudlardagi ish yuklamasining kamayishiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.  Bugungi kunda ish beruvchi tomonidan xodimni ishdan bo‘shatish tartibiga rioya qilinmasdan, g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan holatlarda ham sud tomonidan ish beruvchining da’vo muddatini qo‘llash haqidagi iltimosnomasiga asosan  da’voni rad etish holatlari soni ham salmoqli raqamlarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, seminarda  mehnat qonunchiligidagi islohotlar mamlakatimizning ijtimoiy hayotida fuqarolarning  konstitutsiyaviy mehnat qilish huquq va manfaatlarining qonuniy himoyasini yanada mustahkamlashi ta’kidlandi.

–Mazkur seminarda mehnat shartnomasini bekor qilishga oid qonunchilik asoslari, ayniqsa, Mehnat kodeksining 161-moddasida ko‘rsatilgan asoslar muhokama qilindi.

Seminarning asosiy maqsadi – ish beruvchilarga mehnat shartnomasini bekor qilishda qanday qonuniy tartib-qoidalar mavjudligini tushuntirish, sud amaliyotida eng ko‘p uchraydigan xatolarning oldini olishdir. Ayniqsa, xodim tomonidan mehnat intizomini buzish, ishonchni yo‘qotish yoki ishga kirishda yolg‘on ma’lumot berish holatlarida qanday choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenuminning yuqorida qayd etilgan qarorining mazmun-mohiyati, sudlar tomonidan ushbu qaror asosida mehnat nizolarini ko‘rib chiqish amaliyoti ham alohida muhokama qilindi.

Sudyalar, xususan, ish beruvchilar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish, ishchi-xodimlarning mehnat huquqlarini poymol etmaslik, barcha huquqiy asoslar va protseduralar to‘liq bajarilishi lozimligini ta’kidladilar.

Bunday seminarlar mehnat huquqlarini himoya qilish, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni sog‘lom asosda yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyasi Miyrigul Daumenova.

Seminar ishtirokchilarning mavzuga oid savob-javoblari bilan o‘z yakuniga yetdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri