French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehnat huquqlarini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni
11:13 / 2025-12-01

Bugungi kunda inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish mamlakatimizda demokratik islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli kengayib, ular faol ishtirok etayotgani dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhim o‘rin tutmoqda.

So‘nggi yillarda Navoiy viloyatida fuqarolik jamiyati institutlari va mahalliy davlat organlari hamkorligida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi manfaatlarini himoya qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash yo‘nalishida o‘zga xos tajriba shakllandi. Buni Oliy Majlis jamoat Fondi granti asosida amalga oshirilayotgan “Mehnat huquqlari kafolatini ta’minlashda munosib ishtirok jamoatchilik nazorati vazifasidir” nomli loyiha misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Loyiha doirasida “Uchinchi renessans” nodavlat notijorat tashkiloti tashabbusi bilan jamoatchilik fikrini o‘rganish, sohadagi muammolarni aniqlash, mehnat huquqlarining ta’minlanganlik darajasini baholash hamda tegishli islohotlar uchun takliflar tayyorlash maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Hozirda Nurota tumanida ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik monitoring tadbirlari amalga oshirilib, fermerlar, qishloq xo‘jaligi korxonalari va sohada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan bevosita muloqotlar tashkil etilmoqda.

Nurota tumani asosan chorvachilik, bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan hudud hisoblanadi. Tumandagi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari umumiy 2620 gektar maydonda bog‘ va tokzorlarga ega bo‘lib, ularning 521 gektari tokzorlar, 2099 gektari esa mevali bog‘lardir.

Loyiha doirasida Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirishkor, G‘afur G‘ulom mahallalari hududlarida faoliyat olib borayotgan fermerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolari, ishchi-xodimlar huquqlarining ta’minlanishi, mehnat sharoitlari va mavsumiy mehnatdan foydalanish masalalari o‘rganildi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, so‘nggi yillardagi global iqlim o‘zgarishlari qishloq xo‘jaligi faoliyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yog‘ingarchilikning kamayishi natijasida yer osti suvlari bir necha metrga pasayib ketgan. Bu holat, ayniqsa, yer osti suvlari hisobiga bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘ygan fermerlar uchun katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Suv tanqisligi bog‘larning qurishi, mevalar hajmining kamayishi va fermerlar daromadining pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, tik quduqlar orqali suv chiqarish uchun sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlari ham fermerlar oldida qo‘shimcha yuk bo‘lib qolmoqda.

Qarzdorlik sababli elektr tarmog‘idan uzilgan quduq yoki ob’ektni qayta ulash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida haq talab qilinishi esa kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari hamda fermer xo‘jaliklari uchun yanada og‘ir vaziyatni yuzaga keltirmoqda.

Qishloq xo‘jaligidagi past natija va daromadlarning kamayishi ishchilarning moddiy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayrim fermer xo‘jaliklarida mehnat qilayotgan ishchilarning oylik daromadi kamaygani, mavsumiy ishga bo‘lgan talab oshgani kuzatilmoqda. Bu esa ba’zi fuqarolarni mehnat migratsiyasiga chiqishga majbur qilmoqda.

Loyiha doirasida o‘tkazilayotgan ijtimoiy so‘rovlar shu kabi muammolarni aniqlash, ishchilarning qonuniy mehnat huquqlari qay darajada ta’minlanayotganini baholash va ularni hal etishga doir takliflar tayyorlash imkonini bermoqda.

Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha fuqarolik jamiyati, davlat organlari va jamoatchilik vakillari o‘rtasida samarali hamkorlikni shakllantirishda muhim qadam bo‘lib, sohadagi dolzarb muammolar tizimli o‘rganiladi. Fermerlar va mehnatkashlar huquqlari masalasida xolis ma’lumotlar to‘planadi. Yechim takliflari ishlab chiqilib, mutasaddi tashkilotlarga taqdim etiladi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri