Jamiyat hayotining turli sohalaridagi munosabatlarni tartibga solish, ularni rivojlantirish bevosita qonunchilikning mukammalligiga bog‘liq. Bugungi yangilanish jarayonlarida qabul qilingan qonunlar qayta ko‘rib chiqilib, muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bunga Mehnat kodeksi yaqqol misol bo‘la oladi. Mehnat munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi ushbu asosiy normativ-huquqiy hujjat fuqarolarga mehnat qilish va munosib daromad olish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.
Mehnat kodeksining 1995 yilda qabul qilingan tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi, shuningdek, undagi ko‘plab normalar amaldagi boshqa qonunlarda ham takrorlangani ushbu kodeksni takomillashtirishni taqozo etdi. Natijada 581 ta moddadan iborat yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ishlab chiqildi va 2022 yil 28 oktyabrda qabul qilindi.
Bunda, muhimi, xodimlar va ish beruvchilarning mehnat munosabatlaridagi sub’ektiv holatlar yanada aniqlashtirilib, asosiy e’tibor xodimlarning mehnat huquqlari va ijtimoiy himoyasiga yo‘naltirildi. Mehnat kodeksida ilgari nazarda tutilmagan – ish beruvchi va xodimning asosiy huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida mehnat munosabatlarining vujudga kelishi uchun asoslar kengaytirildi. Ya’ni ishga qabul qilish bo‘yicha ochiq mustaqil tanlovdan o‘tkazish, lavozimga saylanish, xodimni vakolatli davlat organi tomonidan ishga yuborish, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni ishga qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishga oid ishlash huquqini tasdiqlash kabi masalalar o‘z ifodasini topgan.
Bugungi lavhamizda Toshkent Davlat yuridik universiteti mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi Alisher Botirov fuqarolarning mehnat huquqlari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tadi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/1Z1CVrwbTbI" title="Mehnat huquqlari qonun himoyasida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA