O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga muvofiq, homilador ayollarni ishga qabul qilishdan bosh tortish, ularni ishdan bo‘shatish yoki ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Shu bilan birga, Mehnat kodeksining 408-moddasida ham homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish mumkin emasligi aniq belgilangan.
Shu munosabat bilan, Sayxunobod tumanida yashovchi fuqaro D.Bakirova viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilib, homiladorligi haqida ish beruvchiga ma’lum bo‘lgani holga qaramasdan, ishdan bo‘shatilganini bildirib, amaliy yordam so‘radi.
– Murojaat yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida, fuqaroning ishdan bo‘shatilishi qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgani aniqlandi, – deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish shu’basi bosh maslahatchisi Bunyod Abduxalilov. – Eng muhimi, tekshiruv natijalari asosida mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq bekor qilindi va xodimni ishga tiklash choralari ko‘rish yuzasidan Sayxunobod tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga taqdimnoma kiritildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida D.Bakirova tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limida bosh mutaxassis lavozimiga qayta ishga tiklandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri