Buyuk Britaniyada mehnat bozori barqarorlikni saqlay ololmayapti. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida o‘lkada bo‘sh ish o‘rinlari soni yana kamaydi, ish haqi takliflaridagi o‘sish esa avvalgi sur’atini yo‘qotdi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotida mehnat talabi bosqichma-bosqich susayayotganidan dalolat beradi.
“Reuters” axborot agentligi yozishicha, onlayn ish e’lonlari platformasi – “Adzuna” dekabr oyida bo‘sh ish o‘rinlari soni noyabrdagi 745 mingdan 716 minggacha tushganini qayd etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 15 foizlik pasayish bo‘lib, pandemiya boshlangan 2020 yildan buyon eng zaif ko‘rsatkich sifatida ko‘rsatilgan.

Ushbu raqamlar boshqa statistik ma’lumotlar bilan hamohang bo‘lib, iqtisodiy faollikda ehtiyotkor jonlanish alomatlari ko‘rinayotganiga qaramay, ish bozori holati hamon o‘nglanmayotganini tasdiqlamoqda.
Angliya Markaziy banki uchun bu jarayon alohida ahamiyatga ega. Regulyator ish bozori va ish haqi o‘sishini diqqat bilan kuzatmoqda, chunki aynan shu omillar inflyatsion bosimni belgilaydi. Agar ish haqlari hanuz yuqori tezlikda oshsa, bu foiz stavkalarini tez-tez pasaytirish imkonini cheklashi mumkin.
“Adzuna” tadqiqotiga ko‘ra, e’lon qilingan o‘rtacha ish haqi o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foizga oshgan. Bu noyabrdagi 7,7 foizlik o‘sishdan past bo‘lib, ish beruvchilar ham tobora ehtiyotkor bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA