Qashqadaryo viloyatida aholini zamonaviy kasblarga o‘qitish, ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tobora samarali natijalar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 oktyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Qarshi shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi negizida Qarshi shahri kasbiy ko‘nikmalar markazi tashkil etildi.
Markaz 123 kvadrat metrni tashkil etadi. Yillik o‘quv quvvati 2 ming 400 nafar tinglovchiga mo‘ljallangan. O‘quv xonalari va ustaxonalar O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Jahon banki mablag‘lari hisobiga zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.
Markazda 2025 yil davomida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 32 yo‘nalish bo‘yicha kasbga tayyorlash, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish kurslari tashkil etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 1 ming 985 nafar fuqaro o‘quv kurslariga jalb qilindi. Ulardan 1 ming 371 nafari yo‘llanma asosida, 67 nafari vaucher orqali, 547 nafari esa to‘lov shartnomasi asosida ta’lim olmoqda.
– Elektromontajyorlik kasbini o‘rganyapman, – deydi kasbilik O‘tkir Tursunov. – Yoshim 34 da. Ikki oydan buyon tajribali ustalardan kasb sirlarini o‘rganyapman. Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan kasb egalariga talab yuqori. Nasib etsa o‘qishni tamomlagach, sanoat korxonalarida ishlashni maqsad qilganman.
Ayni paytda 216 nafar tinglovchi markazda va uning Koson filialida o‘qimoqda. Ular “Zamonaviy parda tikish”, “Payvandlovchi”, “Kompyuter texnikasi montajchisi”, “Ayollar sartaroshi”, “Avtomobil ta’mirlovchi chilangar” hamda “Kompyuter grafikasi mutaxassisi” kabi kasblarni egallamoqda.
– Markaz faoliyati boshlanganidan buyon 1 ming 709 nafar fuqaro kasbga tayyorlov kurslarini yakunladi. Ulardan 1 ming 500 nafari yoki 87,7 foizi bandligi ta’minlangan, – deydi markaz rahbari Nilufar Nazarova. – Shularning 390 nafari korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirilgan, 498 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan, 490 nafari esa yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat boshlagan. Markazda nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. 2025 yil 11 noyabr holatiga 95 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs kasbga o‘qitishga jalb etilgan. Ulardan 87 nafari kurslarni muvaffaqiyatli yakunlab, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topmoqda.
Qayd etish lozimki, markaz o‘quv jarayonini ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish maqsadida 272 ta korxona va tashkilot bilan hamkorlik shartnomalarini tuzgan. Bu tinglovchilarga haqiqiy ish muhitida amaliyot o‘tash, malaka va tajriba orttirish imkonini bermoqda.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, joriy yilda viloyatda amalga oshirilayotgan 13 ta yirik investitsiya loyihasi va 145 ta mahalliy ish beruvchi bilan hamkorlikda yangi ish o‘rinlariga mos kasblarga o‘qitish tashkil etilgan. Hozirga qadar 12 ta ish beruvchi korxonadan jami 776 nafar fuqaroni o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilingan. Ushbu buyurtmalar asosida 461 nafar ishsiz fuqaro kasbga tayyorlandi. Ular orasida 220 nafari tikuvchi, 85 nafari oshpaz, 97 nafari qandolatchi kasbini o‘zlashtirgan.
Markazning 12 nafar o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari Worldskills standartlari bo‘yicha malaka oshirgan. Ulardan biri avtoservis xizmati ustasi Shohrux Mo‘minov Xitoyning Nanchan shahrida “Elektromobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish” bo‘yicha malakasini oshirdi.
[gallery-26224]
Prezidentimizning 2025 yil 17 yanvardagi qaroriga asosan markazda “Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish”, “Liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi”, “Quyosh panellarini o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish”, “Kompyuter grafikasi operatori” kabi zamonaviy kasblar bo‘yicha kurslar yo‘lga qo‘yildi.
2025 yilda “Avtotyuning mexanigi”, “Interer dizayner” va “Alyumin hamda plastik profillar bilan ishlash ustasi” kabi yangi yo‘nalishlarda kurslar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu mehnat bozorida zamonaviy kasb egalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Qarshi shahri kasbiy ko‘nikmalar markazi faoliyati natijasida viloyatda ishsizlik darajasi pasayib, aholining kasbiy malakasi oshmoqda. Yangi yo‘nalishlar, xalqaro hamkorlik va ish beruvchilar bilan uzviy aloqalar markazning nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Bu esa mehnat bozorida raqobatbardosh, bilimli va malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari