Qaror va ijro
Toshkent viloyatining chekka hududlarida aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mavjud imkoniyat, resurslar, imtiyozlardan samarali foydalanish orqali yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga e’tibor qaratilgan.
Prezidentimizning 2025 yil 17 yanvardagi “Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Xususan, viloyatda ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha reja belgilangan bo‘lib, bu yil 20 ming 448 nafar ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish parametrlari belgilangan.
Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi kasbga o‘qitish bo‘limi boshlig‘i Fotimaxon Ahmadxonovaning aytishicha, joriy yilning 7 oylik yakuniga ko‘ra, jami kasbga tayyorlashga jalb qilinganlar 17 ming 978 nafarni tashkil etdi. “Temir daftar”dagilarning 12 nafari, “Yoshlar daftari”da turuvchilarning 78 nafari, “Ayollar daftari”dagi fuqarolarning 1 ming 128 nafari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning 487 nafari, mehnat muhojirlarining 157 nafari, kambag‘al oiladagilardan 4 ming 269 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi.
Masalan, Bekobod shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda hudud bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida 67 ta korxona-tashkilot va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 420 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aholiga taklif qilindi.
Unda yuz nafarga yaqin ish topishda qiynalayotgan fuqarolar, nazoratda turuvchi shaxslar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim bitiruvchilari o‘ziga ma’qul ko‘rgan tashkilotlarda ishlash uchun yo‘llanmalar oldi. O‘z kasbini o‘zgartirish istagidagi fuqarolarga o‘zlarini qiziqtirgan kasb-hunar yo‘nalishlariga tavsiyanomalar berildi.
Shuningdek, Bekobod shahar kasbiy ko‘nikmalar markazida ham “O‘zmetkombinat” AJ korxonasida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha “Dual” ta’lim shaklida kurslar tashkil qilingan. Hozir bu yerda elektromontyor, kompyuter savodxonligi, ko‘prikli kran mashinisti, tikuvchilik, ayollar sartaroshi, chilangar-santexnik kabi jami 17 turdagi kasblarda tinglovchilarga belgilangan o‘quv reja asosida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilingan. Bunda o‘quv dasturida berilgan 432 soat darsning 106 soati nazariy bilimlar bo‘lib, 326 soatlik amaliy bilimlar esa korxonalarda tashkil etilgan.
– Bekobod shahar Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida xizmat ko‘rsatish, texnik sohalarda yangi tashabbuslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 47 nafar malakali pedagog-mutaxassislar jalb qilingan. Xonalar Jahon banki mablag‘lari hisobidan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Kelgusida Germaniya va Janubiy Koreya davlatlari tajribalarini ommalashtirgan holda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarda malakali mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, imkoniyati cheklangan, yolg‘iz keksalar parvarishi uchun mas’ul mutaxassislarni ham tayyorlash ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida hudud bo‘yicha xorijiy davlatlarda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni kasbga va xorijiy tillarga o‘rgatish maqsadida targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda, – deydi markaz rahbari Otabek Shokirov.
Hozirgi yoz fasli mavsumida o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kun” doirasida Bekobod shahar Kasbiy ko‘nikmalar markazi tashabbus ko‘rsatib, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha shahardagi bir qator umumta’lim maktablarida yoshlarning qiziqishlari asosida tashkil etilgan to‘garaklar ham faoliyat yuritmoqda.
A.Musayev, O‘zA