Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan “Sahid Zarafshon” mehmonxonasida “Mehmonxona servis xizmati” va “Mehmonxona xo‘jaligi” yo‘nalishlarida master-klass shaklida o‘quv-trening tashkil etildi.
Master-klass mashg‘ulotlarini Turkiya Respublikasining xalqaro tajribaga ega, yuqori malakali, 5 yulduzli mehmonxonalarning mutaxassislari Ugur Ozkan Uygun hamda Murat Ucan olib bordi.
O‘quv mashg‘ulotlarida Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan mehmonxonalarning xodimlari qatnashdi. O‘quv-trening qatnashchilari turkiyalik hamkasblaridan mehmonxona faoliyatiga to‘liq xizmat ko‘rsatish, buyurtmalarni qabul qilish va oziq-ovqat yetkazib berish, ofitsant-batlet xizmati va unga kiruvchi vazifalar, turli xildagi ichimliklar tayyorlash va ularni yetkazib berish kabi boshqa xizmatlar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
–Viloyatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni yildan-yilga oshmoqda. Shunga hamohang turizmning asosi bo‘lgan mehmonxonalar industriyasi rivojlanmoqda, – deydi Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Sadoqat Siddiqova. – Shuningdek, yurtimizda yangi zamonaviy mehmonxonalar barpo etish va jahon talablariga javob beruvchi servis xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda tajribaga ega, yuqori malakali mutaxassislar bilan kelishilgan holda turkiyalik do‘stlarimiz bilan hamkorlikda treninglar o‘tkazishni va ulardagi bor tajribani buxorolik hamkasblariga o‘rgatishga kelishib oldik. O‘ylaymanki. Boshlagan ishlarimiz yaqin kunlarda o‘z samarasini beradi.
Seminar yakunida ishtirokchilar yo‘nalishlar kesimida sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA