Uyga kelgan mehmon eng avvalo, xonadon sohibasining muomalasi, qanday kutib olishiga e’tibor qaratadi. Agar ayol kelgan mehmonni xush kayfiyat bilan kutib olsa, o‘sha xonadon haqida mehmonda iliq taassurot qoladi va shu xonadonga yana kelishni rejalashtiradi.
Ehtimol, bu, mezbon oila iqtisodiga biroz zarar keltirar. Ammo xorijdan mehmon kelsachi?
Xorijliklarning yurtimizga kelishi turizmning rivojlanishiga, mamlakat iqtisodining o‘sishiga katta hissa qo‘shadi. Demak, mehmonxona biznesining rivojlanishida ayollarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo ayollari mehmonxona biznesida: zamonaviy talablar va istiqbollar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada asosiy e’tibor ushbu sohani yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Tadbir «Tadbirkor ayol» xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hamda USAID xalqaro tashkilotining tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish loyihasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Turizm qo‘mitasi hamda qator xalqaro va hamkor davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlari, tadbirkor va ishbilarmon ayollar, biznes ekspertlar, jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, «Tadbirkor ayol» xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi respublika bo‘ylab 14 ta viloyat va 83 ta shahar hamda tuman filiallarini yagona tarmoqqa birlashtirgan. Ularda 200 dan ortiq mutaxassis ayollar tadbirkorligini kengaytirish, ularning iqtisodiy bilimlarini oshirish, kasb-hunarga qayta tayyorlash, malakasini oshirishga ko‘mak berib keladi.
– Mehmonxona biznesi turizm salohiyati tobora rivojlanib borayotgan mintaqamiz uchun katta ahamiyatga ega, – deydi «Tadbirkor ayol» xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova. – Bugun respublikamizda jami 1348 ta mehmonxona, xostel, motel, uy mehmonxonalari kabi xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 30 foizdan ortig‘ini ayollar boshqarib keladi. Bu sohada ayollarning safi ortib borayotgani «Tadbirkor ayol» xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasiga ayni yo‘nalishdagi yangi loyihani amalga oshirishga turtki berdi. Assotsiatsiya USAID xalqaro tashkilotining «Tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish» loyihasi hamkorligida «Mehmonxona biznesidagi ayollar: kelajak mehmondo‘stlik an’analari» loyihasini amalga oshirdi. Loyiha doirasida Samarqand, Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahrida 115 nafar xotin-qiz uchun 3 kunlik o‘quv seminarlari tashkil etildi. Unda mehmonxona biznesiga aloqador – xostel, uy mehmonxonalari va katta-kichik mehmonxonalarda faoliyat olib borayotgan ishbilarmon ayollar mehmonxonalarni zamonaviy boshqarish ko‘nikmalariga o‘rgatildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4ACihwGhmvE" title="Aholi uyma-uy yurib, kiberjinoyatlardan ogoh etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Loyihada mahalliy ishtirokchilar qatorida Qirg‘iz hamda Tojikiston Respublikalarining ham shu sohadagi xotin-qizlari ishtirok etgani loyihaning ahamiyati qo‘shni mamlakat ishbilarmon doiralari uchun ham birdek dolzarb ekanligini ko‘rsatadi.
N.Rahmonova, O‘zA