Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mehmonxona boshqaruviga malayziyalik mutaxassis taklif etiladi
18:33 / 2025-12-11

Samarqand viloyat hokimi Adiz Boboyev Malayziyaning “Nasrul Qur’an” nashriyoti rahbari Xoja Mohd Ashyaxarim bin Abdullatif boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Mazkur nashriyot Malayziyadagi yirik noshirlardan biri hisoblanib, u tomonidan nashr etilayotgan Qur’on, hadislar va muqaddas islom ta’limotiga oid boshqa asarlar butun dunyo bo‘ylab tarqaladi. Shuningdek, nashriyot o‘zining ta’lim, mehmonxona xizmati va oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash bo‘yicha tarmoqlariga ham ega. Keyingi yillarda bu yo‘nalishlarda ham nashriyotning xalqaro salohiyati oshib bormoqda.

Suhbat avvalida A. Boboyev Samarqandning boy tarixi, azaldan ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat markazi bo‘lib kelgani haqida gapirib, bu yerdan ko‘plab ulug‘ mutafakkirlar, olimu ulamolar yetishib chiqqanligini ta’kidladi. Ularning merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi.

Xoja Mohd Ashyaxarim bin Abdullatif Samarqandga tashrifi doirasida dastlab buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilganini aytib, u yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini hayrat bilan tomosha qilganini aytdi. O‘z navbatida, majmuani rivojlantirish loyihalarida hamkorlik qilish va uning yanada obod bo‘lishiga hissa qo‘shish niyatida ekanligini bildirdi.  

Uchrashuvda tomonlar ziyorat turizmi borasida hamkorlikni mustahkamlash, Samarqand viloyati bilan Malayziya hududlari o‘rtasidagi madaniy va iqtisodiy aloqalarni keng ko‘lamda davom ettirish yuzasidan fikr almashdilar.

Samarqand viloyati hokimi bugungi kunda Indoneziya va Malayziyadan kelayotgan sayyohlar va ziyoratchilar soni ortib borayotganini ta’kidlab, ushbu davlatlar milliy taomlari va turizm xizmatlariga ehtiyoj oshayotganini ta’kidladi. Shu bois Imom Buxoriy majmuasi atrofida qurilayotgan mehmonxonalardan birining boshqaruvini malayziyalik mutaxassislarga berish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Malayziya delegatsiyasi bu taklifni katta mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, mehmonlar Samarqandda go‘shtni qayta ishlash zavodi ochishga qiziqish bildirib, viloyatni ushbu yo‘nalishda investitsiyalar uchun istiqbolli hudud sifatida ko‘rayotganini qayd etdilar.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri