Samarqand asrlar davomida insoniyat tamaddunining yirik chorrahalaridan biri bo‘lib kelgan. Shu qadamjoda barpo etilgan “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi esa xalqimizning boy madaniy merosi va bunyodkorlik salohiyatining yorqin ifodasidir.
Ushbu maskanga qadam qo‘ygan mehmonni go‘yo vaqt mashinasida sayohatga chiqqan insondek tuyg‘ular kutib oladi. Har bir ko‘cha, har bir inshoot xalqimizning buyuk o‘tmishidan so‘zlaydi.
Bu yerda tarixiy shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarning nafasini his qilish mumkin.
“Boqiy shahar” nafaqat me’moriy obidalarning tarixiy qiyofasini qayta jonlantiradi, balki xalqimizning yuksak ma’naviy olamini ham namoyon qiladi. Hunarmandlar do‘konlarida milliy amaliy san’at namunasi bo‘lgan bezak buyumlari, zargarlik va kulolchilik asarlari sayyohlarni o‘ziga rom etadi.
Raqs jamoalarining jonli chiqishlari esa tarix va madaniyat muhitini yanada boyitib, mehmonlarda quvonch va chiroyli taassurot uyg‘otadi. Milliy raqslar, qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari orqali mehmonlar nafaqat an’analarimiz, balki do‘st xalqlar bilan aloqalarimiz tarixi haqida ham bevosita ma’lumot oladilar.
“Boqiy shahar”ga tashrif buyurgan kishi bir narsani anglaydi. Bu joy nafaqat o‘tmishni yodga oladi, balki bugungi kunning ham yuksak imkoniyatlarini namoyon qiladi. Shu bois u nafaqat tarixiy meros, balki zamonaviy turizm markazi sifatida ham jozibador.
Samarqandga yo‘l olib, “Boqiy shahar”ga qadam qo‘ygan mehmon xalqimiz mehmondo‘stligi, san’at va madaniyatining beqiyos mo‘’jizalari bilan tanishib, unutilmas xotiralar bilan uyiga qaytadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/IDvZowRm1WI?si=VCpAadkOZy94VsGS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri