Sayyohlik iqtisodiyotning muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Bu soha xorijiy valyutalarni keng jalb qilish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda shu orqali aholi turmush darajasini oshirish, qolaversa, xalqaro munosabatlarni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega.
Shu bois ham Jahon sayyohlik tashkiloti o‘z maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, xalqaro hamjamiyatni mazkur sanoatni faol qo‘llab-quvvatlash, uning taraqqiyotdagi o‘rnini jamoatchilikka atroflicha tushuntirishga katta e’tibor qaratib keladi.
Poytaxtimizda “Mehmondo‘stlik” akademiyasi tomonidan mehmonxona egalari (ta’sischilari) hamda rahbarlari uchun “Mehmondo‘stlik sohasida xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy talablar” mavzusida bir kunlik seminar tashkillashtirildi.

Qayd etilishicha, “Mehmondo‘stlik” akademiyasi oteler va restoratorlarning xodimlarini o‘qitish, tanlash va korxonalarga joylashtirish borasida ishonchli hamkor sanaladi.
Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur seminarning asosiy maqsadi turistik mavsumga tayyorgarlikdan iborat bo‘lib, tadbir doirasida mehmonxona boshqaruvini tashkil qilishda kreativ usullardan foydalanish, xodimlarni boshqarish, yangi sifat standarti va tizimlarini takomillashtirish, sotuvlar hajmini oshirish uchun kreativ yondoshuvlardan foydalanish borasidagi taqdimot va mahorat darslari tashkil etildi.
Shuningdek, mutaxacsislar tomonidan xalqaro standartlarga mos ravishda mehmonxona va restoran biznesi vakillarining kasbiy va shaxsiy salohiyatini oshirish, shuningdek, kadrlarni muvaffaqiyatli tayyorlash bo‘yicha ma’ruzalar hamda “Xizmat ko‘rsatish sohasida mahorat va sifat” mavzusida taqdimot qilindi. Zamonaviy mehmonxona va uning boshqaruv tizimining ahamiyati, mehmonlar oqimini ko‘paytirish uchun konsepsiya tanlash usuli haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilishicha, bu kabi uchrashuvlar soha xodimlarining bilim darajasini yuksaltiradi. Ularning oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi. Shu bilan birga kasb mahoratini oshirish, mamlakatimiz mehmonxona va restoran biznesini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Mehmondo‘stlik” akademiyasi mehmonxona xizmati, turizm va boshqa istiqbolli yo‘nalishlar mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan. Xalqaro standartlarga muvofiq mehmonxona biznesi va servisi uchun mutaxassislarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yaratish akademiyaning asosiy vazifasidir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA