Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Megaloyiha 1 million 700 ming kishining suv ta’minotini yaxshilaydi (+video)
12:20 / 2025-11-11

Prezidentimiz g‘oyasi bilan “To‘palang suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyati suv ta’minotini yaxshilash” loyihasining ikkinchi bosqichida xorijdan keltirilgan zamonaviy gorizantal burg‘ilash agregati yerusti va yerosti kommunikatsiyalariga zarar yetkazmasdan qurilish ishlarini tezlashtirmoqda.

O‘tgan qisqa yillarda megaloyiha doirasida 246 kilometr masofaga ichimlik suv tarmog‘i tortilib, 8 ta suv saqlash hovuzi barpo etildi. Loyihaning birinchi bosqichida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi 35 ta mahallada yashovchi 135 mingga yaqin aholi minerallarga boy, toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi. 

Joriy yilning o‘tgan davrida Oltinsoy tumanidagi 16 ta, Bandixon tumanidagi 17 ta mahallada istiqomat qiladigan 86 ming 400 kishi “To‘palang” suv ombori suvini iste’mol qila boshladi. Shuningdek, “To‘palang” asosiy magistral tarmog‘idan 200 metr masofaga qo‘shimcha quvur tortilib, zilol obi-hayot “Xo‘jaipok” magistral tarmog‘iga ulandi. Bu orqali Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor va Muzrabot tumanidagi 69 ta mahallada yashaydigan 193 ming iste’molchining ichimlik suv ta’minoti tubdan yaxshilandi. 

Quruvchilar foydalanayotgan yangi gorizantal burg‘ilash agregati bilan loyihaning ikkinchi bosqichida “M 41” avtomagistral yo‘lining yerosti qatlam qismiga quvur yotqizilmoqda. Murakkab ishlarning osongina bajarilayotgani viloyat markazi aholisini sifatli minerallarga boy suv bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

– Hozirgi bajarilayotgan jarayon “To‘palang-Termiz” loyihasi doirasida “Manguzar” suv inshootimizga keluvchi suv quvurlarini Salovat mahallasi hududida 40 metr va Manguzar chorrahasida 40 metr bo‘lgan qismining yerusti va yerosti kommunikatsiyalariga zarar yetkazmagan holda amalga oshirmoqda, – deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati rahbari Alijon Diyorov. – Zamonaviy bu texnologiya Xitoy davlatidan keltirilgan. Samarasi juda yaxshi. Ilgari xuddi shunday ishlar ekskavatorlar orqali asfalt qoplamalarini qazib, yerosti kommunikatsiyalariga ham zarar yetkazgan holda bajarilgan. Iqtisodiy zarar ko‘rilgan. Hozir bu texnologiyaning afzalligi shundaki, asfalt qoplamasiga ziyon yetmaydi. Yerosti kommunikatsiya kabellari zararlanmaydi. Eng e’tiborlisi, avtomashina harakatlariga serqatnov joylarda ham cheklovlar bo‘lmaydi. 

Yangi zamonaviy texnika suv ta’minoti tizimida ish samaradorligini oshirdi. Yerosti qatlam qismidan gorizantal quvur o‘tkazuvchilar ishini yengillashtirib, vaqt va mablag‘ni tejay boshladi.

– Agregat kompyuter bilan jihozlangan, – deydi “Ko‘hna Turon” mas’uliyati cheklangan jamiyati muhandisi Ismoil Jo‘rayev. – Bundan oldin ekskavator va boshqa katta texnikalarni ham haydaganman. Buning qulayligi odamni charchatmaydi. Ish unumdorligi zo‘r. Ekskavatorda masalan bir kunda 200-300 metr suv quvuri yotqizsak, bu texnikada bir ish kunida 800-1000 metrgacha suv quvuri tortish imkoniyati paydo bo‘ldi. Iqtisodiy tejamkorligi – yoqilg‘i sarfi kam, ekologik zarari yo‘q. Yevropa standartlariga javob beradi. Yo‘llarni, chiroyli manzarali joylarni buzmasdan, aholiga halaqit bermasdan yerosti ishlarini bajaradi. 

Malumotlarga ko‘ra, janubdagi vohada 2017 yil aholining markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 47,1 foizni tashkil etgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 67 foizga yetdi. Megaloyiha yakunlangach, yangi yilgacha Termiz shahri va 12 ta tumanda yashaydigan 1 million 700 kishining ichimlik suv ta’minoti tubdan yaxshilanib, viloyatning ekologik toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi yanada oshadi. Lo‘nda qilib aytganda, yerosti suv zaxiralari pasayib borayotgan bir paytda odamlar tarkibi o‘zgarib, sho‘rlangan artezian qudug‘i suvidan emas, balki minerallarga serob, iste’molga yaroqli tog‘ suvidan foydalanadi. Aholining sifatli ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qondirilib, buyrak, jigar kabi ichki organizmlar bilan bog‘liq kasalliklarga chalinishning oldini olishga, iste’molchilarning hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tWFatI2pXhg" title="Megaloyiha 1 million 700 ming kishining suv ta’minotini yaxshilaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA