Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mediatsiya – nizolarni hal etishda qanday qulayliklarga ega?
09:52 / 2022-11-03

So‘nggi yillarda huquqni qo‘llash amaliyotida jismoniy va yuridik shaxslarning ortiqcha vaqtini, xarajatlari hamda qog‘ozbozlikning oldini olish, nizolarni taraflarning yarashuviga asosan hal etishga qaratilgan huquq institutlari, xususan mediatsiya instituti va hakamlik sudlari tomonidan nizolarni sudgacha hal qilish keng qo‘llanilmoqda. Bu jarayonda davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari, xalqaro arbitrajlarni fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutga aylantirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 17 iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada yangi bosqichni boshlab berdi. Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Fuqarolik protsessual kodeksi asosida ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida sudya taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal etishning muqobil usullari ehtimolini aniqlashi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntirishi, shuningdek, huquqiy jamiyatda nizoni hal etishning muqobil mexanizmlari yaratilishi jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishishning samarali vositasi sifatida baholanishi ma’lumot uchun qabul qilindi.  

Xo‘sh, mediatsiya nima va u qanday tartibda qo‘llaniladi?  

Mediatsiya — bu kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli, mediator esa — mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs hisoblanadi.  

Mazkur sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni 2018 yil 12 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 2018 yil 28 iyunda Senat tomonidan ma’qullangan. 2018 yil 3 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan bo‘lib, ushbu qonun 34 moddadan iborat.   Qonun fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, shuningdek, yakka mehnat nizolariga va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.  

Mediatsiya taraflarning xohish-istagi asosida qo‘llaniladi. Mediatsiya suddan tashqari tartibda, nizoni sud tartibida ko‘rish jarayonida, sud hujjatini qabul qilish uchun sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirguniga qadar qo‘llanilishi mumkin. Mediatsiya nizoni hakamlik sudida ko‘rish jarayonida ham hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qo‘llanilishi mumkin.  Mediatsiyada ishtirok etganlik fakti aybni tan olish dalili bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Mediatsiya institutini qo‘llashning kafolati sifatida qonunda nazarda tutilgan hollarda, vakolatli davlat organi ishning muhokamasini qoldirib, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun muddat tayinlashi mumkin va mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chog‘ida davlat organining bevosita aralashuvi taqiqlanadi. Mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda da’vo muddatining o‘tishi to‘xtatib turiladi.  

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati mediatsiyani amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvda belgilanadi. Bunda mediator va taraflar mediatsiya tartib-taomili o‘ttiz kundan ortiq bo‘lmagan muddatda tugallanishi uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishi kerak. Zarur bo‘lgan taqdirda, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati taraflarning o‘zaro roziligi bilan o‘ttiz kungacha uzaytirilishi mumkin. Mediatsiya taraflar tomonidan mediativ kelishuv tuzilgani, nizo xususida o‘zaro maqbul bo‘lgan qarorga erishish imkoniyati yo‘qligi, mavjud ixtiloflar bo‘yicha kelishuvga erishmay turib mediatsiyani tugatish to‘g‘risida taraflarning kelishuvi tuzilgani (mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida yozma kelishuv mavjud bo‘lgan taqdirda), shuningdek biror-bir tarafning mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishni ma’lum qilgani hamda mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari o‘tgani munosabati bilan tugatilishi mumkin.  

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari bo‘yicha taraflar kelib chiqqan nizo xususida o‘zaro maqbul qarorga erishgan taqdirda, taraflar o‘rtasida yozma shaklda mediativ kelishuv tuziladi.  Davlat organi yoki boshqa organ tomonidan qaysi shaxsning manfaatlarini ko‘zlab da’vo taqdim etilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs mazkur davlat organining yoki boshqa organning ishtirokisiz mediativ kelishuv tuzishga haqli.  

Mediativ kelishuv uni tuzgan taraflar uchun majburiy kuchga ega bo‘lib, ushbu kelishuv unda nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda taraflar tomonidan ixtiyoriy ravishda bajariladi. Mediativ kelishuv bajarilmagan taqdirda taraflar o‘z huquqlari himoya qilinishini so‘rab sudga murojaat etishga haqli.  

O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonuni hamda davlatimiz rahbarining  “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori jismoniy va yuridik shaxslarning hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari har tomonlama himoya qilinishini ta’minlaydi. Chunki, jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlarida katta da’vo summalari bilan bog‘liq nizolar tez-tez uchrab turadi. Tabiiyki, bu da’volar sud majlisida ko‘rib chiqilishi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji va boshqa to‘lovlar ham katta miqdorni tashkil qiladi. Qolaversa, mediatsiya institutining qo‘llanilishi jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlarini qog‘ozbozlik hamda ortiqcha ovoragarchilikdan ozod etadi.  

Xullas, mediatsiya institutini huquqni qo‘llash amaliyotiga keng joriy etishga qaratilgan islohotlar jismoniy va yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik sub’ektlariga o‘rtalaridagi nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish tartibini belgilab, nizolarni o‘zlariga ma’qul shaxs (mediator) ishtirokida, tegishli shartlar asosida taraflarga qulay joy va vaqtda hal etish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.  

 

O‘tkir Tojiyev,  

Surxondaryo viloyati  

Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudi raisi  

O‘zA