English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mediatsiya instituti rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari va sud amaliyoti
18:54 / 2025-06-02

Poytaxtimizda “Mediatsiya instituti rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari va sud amaliyoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud va Sudyalar oliy maktabi tomonidan tashkil etilgan tadbir jahon tajribasini o‘rganish va milliy mediatsiya tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlandi. 

Konferensiyada nafaqat O‘zbekiston, balki Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi mamlakatlarning yuqori malakali sudyalari, mediatorlar, huquqshunos olimlar va tahlilchilar faol ishtirok etdi. Ular o‘z mamlakatlarida mediatsiya institutining rivojlanish tarixi, huquqiy asoslari va amaliyoti haqida fikr almashdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Mavludaxon Xo‘jayeva, Senat a’zosi Malika Qodirxonova, Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov, Sudyalar oliy kengashi raisining o‘rinbosari Alisher Jalilov, Sudyalar oliy maktabi direktori Hoji-Murod Isoqov mediatsiya – nizoni sudsiz hal etish, murosaga erishish va inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish madaniyati ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda jamiyatda yuzaga kelayotgan turli nizolarni tinch yo‘llar bilan hal etish, fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va sud yuklamasini kamaytirish yo‘lida mediatsiya instituti muhim o‘rin egallamoqda. Bu institut nafaqat adolatni ta’minlashga, balki insonlar o‘rtasida hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Mediatsiya institutining rivojlanishi va amaliyotga samarali joriy qilinishi har bir davlatning huquqiy tizimidagi ochiqlik, shaffoflik va adolat prinsiplarini ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi. 

Shu nuqtai nazardan anjumanda Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi qardosh davlatlardan kelgan nufuzli olimlar, mutaxassislar va amaliyotchi mediatorlar bilan tajriba almashish katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 

Konferensiyada bir qator qiziqarli va tahliliy ma’ruzalar tinglandi. 

Xususan, Qirg‘iziston vakili Gulsina Kojoyarova oilaviy nizolarda mediatsiyaning afzalliklari haqida so‘z yuritdi. Turkiyalik Ilker Kochyigit tijorat nizolarida majburiy mediatsiyaning samaradorligini yoritib berdi. Ozarbayjonlik Orxan Mahmudov nizolarni muqobil hal qilishning huquqiy asoslarini tahlil qilib berdi. Qozog‘istondan Jandilda Jakupov iqtisodiy nizolarni hal etishdagi mediatsiyaning o‘rniga e’tibor qaratdi. Turkiyalik professor Ozlem Bora Turkiyadagi mediatsiyaning tarixiy asoslari haqida, xususan, “Muslihun” asari misolida chiqish qildi.

Oliy sud sudyasi Ibrohim Tojiyev mediatsiya bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishdagi sud amaliyoti xususiyatlariga to‘xtaldi. Sudyalar oliy maktabi professori Foziljon Otaxonov mamlakatimizda mediatsiyaning huquqiy asoslari va istiqbollari haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Anjuman davomida savol-javoblar va munozaralar bo‘lib o‘tdi. Qatnashchilar tomonidan mediatsiyani rivojlantirish bo‘yicha samarali ilmiy-amaliy tavsiyalar bildirildi. 

Xalqaro tajriba va milliy amaliyotni uyg‘unlashtirish orqali sud tizimida yuzaga keladigan yuklamani kamaytirish, jamiyatda murosaga tayyorlik ruhini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi. Anjuman nafaqat huquq sohasi mutaxassislari, balki keng jamoatchilik uchun ham mediatsiyaning mohiyati va imkoniyatlarini yoritib berishda muhim maydon bo‘ldi.

N.Abduraimova, O‘zA